Logo

O‘zbekiston AQSHning 201 mln dollarlik yangi investitsiya fondi mandatiga kiritildi

AQSH hukumati mablag‘lari asosida tashkil etilgan yangi fond Markaziy Osiyo va Kavkazning sakkizta davlatida transport, energetika va xususiy sektor loyihalariga sarmoya kiritadi.

O‘zbekiston AQSHning 201 mln dollarlik yangi investitsiya fondi mandatiga kiritildi © istock

AQSH hukumati mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan Trans-Caspian Enterprise Fund (TCEF) investitsiya mandatiga O‘zbekiston ham kiritildi.

Jamg‘arma 2026-yil sentabrda ish boshlagan bo‘lib, investitsiya qarorlarini mustaqil ravishda, o‘z direktorlar kengashi orqali qabul qiladi. Fondning dastlabki kapitali 201 mln dollarni tashkil etadi.

TCEF mandatiga O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya kiritilgan.

Qaysi sohalarga sarmoya kiritiladi?

TCEF investitsiya strategiyasida yettita asosiy yo‘nalish belgilangan. Ular qatoriga temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasi, energetika, logistika, savdoni soddalashtirish, muhim minerallar, moliyaviy xizmatlar hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kiradi.

Jamg‘arma Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni G‘arb bozorlari bilan bog‘lovchi Transkaspiy savdo yo‘li yoki «O‘rta yo‘lak» bo‘ylab amalga oshiriladigan loyihalarga e’tibor qaratadi.

Hozircha TCEF O‘zbekistonda moliyalashtirishi mumkin bo‘lgan aniq loyihalar ro‘yxatini e’lon qilmagan. Fond investitsiya portfeli shakllanishi bilan alohida loyihalar haqida ma’lumot berishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki Markaziy va G‘arbiy Osiyodagi yettita davlatning raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mln dollar grant ajratishni tasdiqlagani haqida xabar berilgandi. Mazkur dasturdan O‘zbekiston ham o‘rin olgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston AQSHning 201 mln dollarlik yangi investitsiya fondi mandatiga kiritildi | Vaqt.uz