O‘zbekiston ChatGPT, Gemini va Claude’ni yangi alifboga moslashtirish bo‘yicha rasmiy murojaat yuborishni rejalashtirmoqda
Hukumat qarori loyihasida ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va MetaAI tizimlarining yangi o‘zbek alifbosida muloqot qilishini yo‘lga qo‘yish, milliy raqamli yozuv va yagona klaviatura standartlarini joriy etish hamda sun’iy intellekt asosidagi bepul imlo tekshiruvchi dasturlar yaratish taklif etilmoqda.
© Sun'iy intelektO‘zbekiston xalqaro sun’iy intellekt platformalarining takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalari asosida muloqot qilishi uchun OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kabi kompaniyalarga rasmiy murojaat yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni jamiyatning barcha sohalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ma’lum qilindi.
Hujjat loyihasi 2026 yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-son Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qonun bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi 4 ta harf «O‘ o‘ – Ö ö», «G‘ g‘ – Ğ ğ», «Sh sh – Ş ş», «Ch ch – Ç ç» tarzida o‘zgartirilgan.
Chora-tadbirlar dasturi loyihasiga ko‘ra, 2026–2027 yillarda ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek, MetaAI kabi sun’iy intellekt tizimlarining takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalari asosida ishlashini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘zda tutilmoqda. Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan mazkur xalqaro kompaniyalarga rasmiy murojaat yuborish va platformalarni yangi alifboga moslashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Bepul AI-imlo tekshiruvchi va yagona klaviatura standarti
Qaror loyihasida sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan milliy dasturiy mahsulotlarni yaratish ham taklif etilmoqda. Jumladan, 2026 yil dekabrda soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish, 2027 yilda esa matn muharrirlari, davlat axborot tizimlari va mobil ilovalar uchun sun’iy intellekt yordamida avtomatik imlo tekshiruvchi, tahrirlovchi hamda elektron matnlar, normativ-huquqiy hujjatlar va adabiyotlar bazasini takomillashtirilgan alifboga xatosiz o‘giruvchi bepul va ochiq dasturlarni ishlab chiqish belgilanmoqda.
Shuningdek, 2026–2027 yillarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘zbek tilining raqamli yozuv standartini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Unda takomillashtirilgan alifbodagi harflarning Unicode standartida ifodalanishi, matnlarni qidirish va qayta ishlash, ma’lumotlar bazalarida saqlash hamda sun’iy intellekt tizimlarida qo‘llashga doir yagona texnik talablar belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada Android, iOS, macOS va Windows kabi operatsion tizimlar uchun «ö», «ğ», «ş», «ç» harflarini qulay kiritishga mo‘ljallangan yagona klaviatura standartini joriy etish taklif etilmoqda. Rejaga ko‘ra, 2027 yil fevralda yagona texnik talablar tasdiqlanishi, mart oyida tegishli xalqaro kompaniyalarga rasman taqdim etilib sinovdan o‘tkazilishi, aprelda esa davlat organlariga joriy etilishi va aholi orasida ommalashtirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi 1993 yilda boshlangan va 1995 yilda alifbo sezilarli o‘zgartirilgan. Alifboni yangilash to‘g‘risidagi amaldagi qonun 2026 yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 10-sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan va 21-oktabrda prezident tomonidan imzolangan.





