O‘zbekiston chetdan ko‘proq nimalar sotib olyapti?
Mamlakat 7 oyda chetdan o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 17,8 foizga ko‘p, ya’ni 29,6 mlrd dollarlik xaridni amalga oshirdi.
© Ijtimoiy tarmoqlarMilliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, importning asosiy qismini mashina va transport asbob-uskunalari tashkil qilgan — 9,7 mlrd dollar. Bir yil ichida bu 20 foizga oshgan. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston importi 29,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 foizga ortganini ko‘rsatadi.
Sanoat tovarlari importi 4,4 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilgiga qaraganda 10,1 foizga ko‘paygan. Xizmatlar 3,6 mlrd dollarga, ya’ni 13,3 foizga o‘sdi. Kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar importi ham 3,6 mlrd dollar bo‘lib, 15,6 foizga ortdi.
Importdagi eng katta o‘sishni oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar qayd etmoqda. Mahsulotlar 3,3 mlrd dollarga import qilingan. Bu o‘tgan yildan 41,9 foizga ko‘p.
Shuningdek, mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash materiallar importi 2,5 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. O‘sish 10,7 foiz bo‘lgan.
Turli xil tayyor buyumlar importi 1 mlrd dollarga yetgan va 14 foizga oshgan. Yoqilg‘idan tashqari nooziq-ovqat xomashyosining importi esa 909,8 mln dollarni tashkil etib, 14,1 foizga ko‘paygan.
Hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar va mumlar 363 mln dollarga xarid qilindi, bir yilda 25,3 foizga oshgan. Ichimliklar va tamaki mahsulotlari importi esa 222,2 mln dollarni tashkil qilib, 15,3 foizga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning jami importida Xitoyning ulushi 32 foizdan oshgan.
Kamron Hasanov





