O‘zbekiston dunyodagi barcha tomonlar bilan do‘stlik va sarmoya izlash siyosatida — CNN tahlili
18.06.2025 | 18:003 daqiqa
Taniqli xalqaro tahlilchi Richard Kvestga ko‘ra, geosiyosiy o‘yin markazida joylashgan O‘zbekiston muvozanatni saqlashga intilgan holda barcha tomonlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatmoqda. U mamlakat tashqi siyosatini «hech kimga qarshi emas, barcha bilan do‘st» deb ta’riflaydi.

O‘zbekiston AQSH, Xitoy va Rossiyaning global siyosiy qarorlari ta’sirini bevosita his etadi. Masalan, AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo cheklangan bo‘lsa-da, dunyo iqtisodiyotidagi beqarorlik O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Donald Tramp boshlagan savdo urushi va global pasayish ehtimoli bu xavfni kuchaytirmoqda.
Rossiya bilan munosabatlar tarixan yaqin bo‘lsa-da, Ukraina urushi fonida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda ehtiyotkorlik kuzatiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvadagi G‘alaba paradida qatnashishi siyosiy ramz sifatida ko‘riladi. Shunga qaramay, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush harakatlari hali ham murakkab diplomatik muammo bo‘lib qolmoqda.
Xitoy esa O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkoridir. Ikki mamlakat strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Ammo Kvest ta’kidlaganidek, mamlakat ichida Xitoy kompaniyalarining faoliyatiga shubha bilan qarayotgan fuqarolar ham yo‘q emas.
Kvest Samarqanddagi Registon maydonini O‘zbekiston tashqi siyosatining ramzi sifatida ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, Ipak yo‘li davridan buyon g‘oyalar va savdolar kesishgan bu maydon, bugun dunyo bilan do‘stlik va turli manbalardan sarmoya jalb qilish siyosatining ifodasiga aylangan.





