Logo

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Turkiya harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda

Bugun 20:592 daqiqa

Ozarboyjonda O‘zbekiston, Turkiya va Ozarboyjon harbiylari ishtirokidagi mashg‘ulotlar yakunlanishi arafasida Toshkent va Boku 2027-yil uchun alohida hamkorlik rejasini ham imzoladi.

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Turkiya harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda

Ozarboyjonda 21-sentabrdan 1-oktabrga qadar O‘zbekiston, Ozarboyjon va Turkiya harbiylari ishtirokida «Birlik kuchi — 2026» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarni kuzatishda yuqori martabali shaxslar — Ozarboyjon mudofaa vaziri general-polkovnik Zokir Hasanov, Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler va O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xolmuxamedov ishtirok etdi.

Tadbir Ozarboyjon armiyasining Qorabog‘ iqtisodiy hududida joylashgan «Qizilg‘a» o‘quv markazida o‘tkazildi.

Harbiylar qanday mashg‘ulotlar o‘tkazdi?


Ozarboyjon Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar davomida harbiylar turli jangovar ssenariylar bo‘yicha amaliy vazifalarni bajargan.
Jumladan, shaxsiy tarkibni bronetransportyorlarda operatsiya hududiga olib borish, aholi yashash punktlarida jang olib borish, minalangan hududlarda yo‘laklar ochish, shartli terrorchilar egallagan pozitsiyalarga hujum qilish va obyektlarni egallash mashq qilingan.

Shuningdek, bronetexnikani tankka qarshi vositalar yordamida yo‘q qilish, jangovar vertolyotlar, bronetexnika va artilleriya ko‘magida harakat qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

Mashg‘ulotlarning dengiz qismida esa dronlar hujumiga qarshi harakatlar, terrorchilar tomonidan egallangan dengiz platformasi va kemani ozod qilish, garovdagilarni qutqarish hamda orolga desant tushirib, shartli terrorchilar bazasini yo‘q qilish ssenariylari namoyish etilgan.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi ishtirokchi davlatlar armiyalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, harbiylarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tajriba almashish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

O‘zbekiston va Ozarboyjon 2027 yil rejasini imzoladi

Qo‘shma mashg‘ulotlar fonida O‘zbekiston va Ozarboyjon mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2027 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi ham imzolandi. Hujjat Shuxrat Xolmuxamedovning Zokir Hasanov bilan uchrashuvida qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid