O‘zbekistonda qor yog‘ishi kutilmoqda
«O‘zgidromet»ga ko‘ra, 10-12-noyabr kunlari ob-havo keskin soviydi.
© yandexO‘zbekistonning shimoliy hududlarida 9-noyabr, qolgan hududlarida esa 10-12-noyabr kunlari ob-havoning keskin o‘zgarishi va harorat pasayishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xizmati rahbari Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘ja ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, mamlakat hududiga sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi kuzatiladi. 9-11-noyabr kunlari respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. 10-11-noyabr kunlari esa shimoliy va tog‘li hududlarda yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, atmosfera frontlari o‘tishi hisobiga respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13-18 metrgacha kuchayishi aytilgan. Buning ortidan havo harorati asta-sekin pasayib boradi.
Xususan, shimoliy hududlar va cho‘l zonalarida harorat kechasi -2...-7 darajagacha sovuq, kunduzi esa +3...+8 daraja iliq bo‘ladi. Qolgan hududlarda esa kechasi harorat 0...+5 darajagacha, ba’zi joylarda -1...-2 darajagacha sovuq bo‘lishi, kunduzi esa +7...+12 darajagacha pasayishi kutilmoqda.





