
O‘zbekistonda yo‘l qurilishi dron va kosmik tasvirlar orqali monitoring qilinadi
Bunda qurilish ishlarining bajarilishi bilan ularni moliyalashtirish ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi mutanosiblik muntazam ravishda taqqoslanib boriladi.

Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishi jarayonlarida dronlar va kosmik tasvirlar asosida monitoring o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi. Yangi mexanizm qurilish ishlari hajmlarini ajratilgan moliyaviy mablag‘lar bilan solishtirib borish orqali shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Farmonda qayd etilishicha, ushbu yondashuv yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini real vaqt rejimiga yaqin tarzda baholash imkonini beradi. Monitoring natijalari orqali qurilish ishlarining haqiqiy hajmi, sur’ati va sifati to‘g‘risida aniq ma’lumot shakllantiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, kosmik tasvirlar va dronlar orqali olingan ma’lumotlar asosida ob’ektlarning amaldagi holati tahlil qilinadi. Qurilish ishlarining bajarilishi bilan ularni moliyalashtirish ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi mutanosiblik muntazam ravishda taqqoslanib boriladi. Aniqlangan tafovutlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazish va tegishli choralar ko‘rish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Mazkur tizim yo‘l-infratuzilma loyihalarida moliya mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, kechikishlar va ortiqcha xarajatlarning oldini olish imkoniyati oshadi.





