«O‘zidan chiqqan balo» – Orbanni mag‘lub etgan Madyarning siyosiy yo‘li

Bugun 14:5517 daqiqa

Sobiq insayder, davlat tizimi ichida ishlagan va keyin unga qarshi chiqqan Peter Madyar Vengriya siyosatini keskin o‘zgartirib yuborgan yangi muxolif harakatni boshlab berdi.

«O‘zidan chiqqan balo» – Orbanni mag‘lub etgan Madyarning siyosiy yo‘li © The Independent

Vengriya muxolifatining yetakchisi «Fides»ning 16 yillik hukmronligiga nuqta qo‘ydi

«Tavaszi szél» («Bahor shamoli») ehtimol, venger xalq qo‘shiqlarining eng mashhuri hisoblanadi. Tabiat uyg‘onishi, muhabbat va qayg‘u haqidagi sodda kuyni maktab bayramlarida, to‘kin dasturxon ustida va rasmiy tadbirlarda ham eshitish mumkin. 40 yil oldin Budapeshtdagi to‘lib-toshgan stadionda uni Freddi Merkyuri ham kuylab bergan va ushbu yozuv Vengriya tarixidagi eng ikonik lahzalardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Ko‘rinishidan, bu qo‘shiqning ramziy maqomini yanada mustahkamlashning iloji yo‘qdek edi. Biroq hozir u Vengriya siyosiy maydonidagi seysmik o‘zgarishlarning ham ramziga aylanish ehtimoliga ega. Aynan «Tavaszi szél» so‘nggi ikki yil davomida mamlakat bo‘ylab Peter Madyarning yuzlab saylovoldi mitinglarida ishtirok etgan odamlar tomonidan kuylab kelinmoqda, deb yozadi «BBC».

Madyar tarafdorlari ko‘pincha o‘z kumirini bahor shamoliga qiyoslaydilar – u Viktor Orban va uning «Fides» partiyasining 16 yillik hukmronligi davomida Vengriya siyosatini botqoqqa aylantirgan chirkin tumanni tarqatib yuboradi, deb hisoblashadi. Shubha bilan qaraydiganlar esa uni ko‘r-ko‘rona fanatizmga berilgan «Madyar sektasi» deb atashadi hamda uni manman va kibrli shaxs, «slim fit Jesus», eng yaxshi holatda esa hozirgi Vengriya yetakchisining yoshroq va takomillashgan versiyasi deb ta’riflashadi.

Vengriyadagi parlament saylovlarida ovoz berish uchastkalari yopilganidan ko‘p o‘tmay, Madyarning «Tisa» partiyasi Orbanning «Fides»idan sezilarli darajada oldinda ekani ma’lum bo‘ldi. Viktor Orbanning o‘zi esa mag‘lubiyatni tan olib, ovoz berish yakunlanganidan faqat ikki soat o‘tgach raqibini tabrikladi.

Elita oiladagi bolalik

Peter Madyar 1981-yil 16-mart kuni Budapeshtda Vengriya jamiyatining elita qatlamiga kiruvchi oilada tug‘ilgan. Madyarning bobosi Eresh Pal Vengriya Oliy sudi sudyasi va 1970–80-yillarda mamlakatning mashhur media shaxslaridan biri edi. Pal televideniye yulduzi bo‘lib, davlat televideniyesida yillar davomida namoyish etilgan mashhur «Yuridik ishlar» ko‘rsatuvini olib borgan. U haqiqiy sud ishlarini tahlil qilgani bilan omma madaniyatiga kirib qolgan, ko‘chada tanilib, mamlakatning eng ta’sirli huquqshunoslaridan biri hisoblangan.

Peter Madyarning cho‘qintirgan otasi buvisining akasi – Budapesht universitetlaridan birining huquq professori Ferens Madl bo‘lgan. Keyinchalik u «Fides» partiyasiga qo‘shiladi va 2000–2005-yillarda Vengriya prezidenti lavozimini egallaydi.

Madyarning ota-onasi ham huquqshunoslar bo‘lgan. Shuning uchun uning o‘zi ham universitetda huquqshunoslik yo‘nalishini tanlagani ajablanarli emas.

Biroq bundan oldin Madyar Budapesht markazidagi elita Piarist katolik maktabini tamomlagan. Aynan shu yerda, Madyar keyinchalik «BBC» jurnalisti Nik Torpga bergan intervyusida aytib o‘tganidek, u Viktor Orban bilan birinchi marta uchrashgan.

1996 yoki 1997-yilda «Fides» partiyasidagi ta’siri ortib borayotgan lider maktabga kelib, Madyar o‘qigan o‘quv yurtida talabalar oldida chiqish qilgan. Peter ham Orbanga savol berishga ulgurgan: nega u yaqin vaqtgacha liberal siyosatchi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan tobora «o‘nglashib» bormoqda? Orban o‘shanda Uinston Cherchill so‘zlarini keltirib javob bergan: yoshlikda chap qanot qarashlarga ega bo‘lish, katta yoshda esa konservativ bo‘lish odatiy hol. Bu javob yosh Madyarni ishontirgan.

Peter Pazman katolik universitetida o‘qib yurgan davrda Madyar va uning o‘sha paytdagi do‘sti Gergey Gulyash 2002-yil parlament saylovlarida Orbanning mag‘lubiyatini shu qadar og‘ir qabul qilishganki, hamdardlik sifatida «Fides» partiyasiga a’zo bo‘lishgan. Bugungi kunda Gergey Gulyash Viktor Orban ma’muriyati rahbari lavozimida ishlaydi va mamlakatdagi eng ta’sirli shaxslardan biri hisoblanadi. Madyar bilan esa ular aloqa qilmay qo‘yishgan.

2005-yilda esa aynan Gulyash tashkil qilgan bir kechada Peter Madyar 25 yoshli Yudit Varga bilan tanishgan. U Mishkols universiteti huquq fakultetini tamomlagan bo‘lib, Budapeshtdagi bir firmada amaliyot o‘tayotgan edi. Keyingi yil ular nikohdan o‘tishadi, 2009-yilda esa Brusselga ko‘chib o‘tishadi: Varga Vengriyaning Yevroittifoq parlamenti deputati Yanosh Aderning yordamchisi bo‘lib ishlaydi. 2012-yilda Ader Vengriya prezidenti etib saylanadi, ammo Varga Brusselda qolib, o‘z mamlakatidan bo‘lgan boshqa yevrodeputatlar ofislarida ishlashda davom etadi. Shu vaqtda Madyar avval bola parvarishi ta’tilida bo‘ladi, keyin esa Vengriya TIV tizimida va YIdagi vakolatxonasida kichik lavozimlarda ishlaydi.

Peter va Yudit

Vengriya siyosatidagi hayratlanarli o‘zgarishlar – 2010-yilda Viktor Orbanning yana hokimiyatga qaytishi, 2011-yilda Konstitutsiyani o‘zgartirishi va demokratiyaning bosqichma-bosqich cheklanishi – Madyar tomonidan Brusseldan kuzatib borilgan. Keyinchalik u Orban amalga oshirgan markazlashuv va hokimiyatni kuchaytirishni ancha ijobiy qabul qilganini aytib bergan: 8 yillik markaz-chanoq liberal koalitsiya hukmronligi va 2008-yilgi og‘ir iqtisodiy inqirozdan keyin mamlakatga qattiq qo‘lli boshqaruv kerak edi, deb hisoblagan. Orban asta-sekin mamlakatni shaxsiy nazorat ostiga olayotganini anglash esa unga ancha kech yetgan.

Peter Madyar oilasi bilan – o‘sha paytda u va Yudit Varganing uch o‘g‘li bor edi – 2018-yilda Budapeshtga qaytib kelgan. Bu vaqtda Varga Viktor Orban ma’muriyatida Yevropa Ittifoqi masalalari bo‘yicha davlat kotibi lavozimiga tayinlangan. Keyingi yili esa uning karerasi yana yuqoriladi: u adliya vaziri etib tayinlandi va uning vakolat doirasida Vengriyaning YI bilan munosabatlari ham saqlanib qoldi. Ayrim kuzatuvchilar Vargani «Fides» yuqori rahbariyatida Orbanning ehtimoliy vorislari qatorida ko‘rish mumkin bo‘lgan kam sonli shaxslardan biri deb hisoblashardi.

Peter Madyar esa shu davrda davlatga tegishli turli muassasalarda muhim lavozimlarda ishlagan: bir davlat bankida YI huquqi bo‘yicha direksiyani boshqargan, shuningdek, talabalar kreditlari markazining bosh direktori bo‘lgan.

Madyar yuqori lavozimlarga ko‘tarilishga bir necha marta uringan, ammo muvaffaqiyatsiz bo‘lgani haqida «Politico» nashri yozadi.

«Unga doim rad javob berilgan, chunki u juda ambitsiyali va mustaqil edi. Uning ambitsiyalari bosib qo‘yilgan va bu nomutanosiblik frustratsiyaga olib kelgan» , – deb iqtibos keltiradi nashr Madyar fenomenini o‘rgangan siyosatshunos Miklosh Shyukeshdan.

2023-yil mart oyida Peter Madyar va Yudit Varga ajrashganini e’lon qilishdi.

«Bizning nikohimiz har ikki tomondan ham zo‘riqqan edi», – deb u keyinchalik «Guardian» nashriga bergan intervyusida aytadi.

Zaharli intervyu

Aynan shu davrda, ya’ni 2023-yil aprel oylarida, mamlakat prezidenti Katalin Novak Bichke shahridagi bolalar uyi direktor o‘rinbosari bo‘lgan Endre Konini afv etish haqidagi farmonni imzoladi. U o‘z rahbari bilan birga ikki yil avval qamoqqa hukm qilingan edi: bolalar uyi direktori pedofiliyada, Koni esa jinoyatni yashirish va jabrlanuvchilarga bosim o‘tkazishda ayblangan.

Afv etish haqidagi ma’lumot 2024-yil fevral oyi boshida ommaga ma’lum bo‘lib, nafaqat Orban muxoliflari, balki uning «Fides» partiyasi tarafdorlarining ham ko‘pini shokka soldi – bu partiya an’anaviy qadriyatlarni himoya qiladigan o‘ng qanot konservativ kuch hisoblanadi. Dastlab hukumat bu nizoni yashirishga harakat qildi, ammo ommaviy axborot vositalarida bir qator tanqidiy maqolalar chiqqach va prezident saroyi oldida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgach, Katalin Novak to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda iste’fosini e’lon qildi. Shu zahoti Yudit Varga ham siyosatdan ketishini ma’lum qildi: u 2023-yilda Konini afv etish haqidagi prezident farmonini o‘z imzosi bilan tasdiqlagani uchun formal jihatdan bu qarorga aloqador hisoblanardi.

Novak iste’fo e’lon qilganidan qirq besh daqiqadan kam vaqt o‘tib, odatda kam yangilanadigan Peter Madyarning Facebook sahifasida post paydo bo‘ldi. Unda Madyar davlat kompaniyalaridagi lavozimlaridan «kasbiy sabablarga ko‘ra emas» tarzda ketishini ma’lum qilgan edi.

«Men shunday tizimning bir qismi bo‘lishni bir daqiqa ham xohlamayman, unda haqiqiy rahbarlar ayollar yubkasi ortiga yashirinadi… Men uzoq vaqt davomida milliy, suveren, fuqarolik Vengriyasi g‘oyasiga ishondim [...], ammo bugun men nihoyat angladimki, bularning barchasi aslida faqat chiroyli tashqi qoplama ekan, u ikki maqsadga xizmat qiladi: hokimiyat mashinasining ishini yashirish va ulkan boyliklar to‘planishini ta’minlash», – deyilgan ushbu postda.

Ertasi kuni Peter Madyar mustaqil «Partizan» YouTube-kanali studiyasiga keldi. Qariyb ikki soat davom etgan intervyu uni «Fides» partiyasi iyerarxiyasida hatto ikkinchi yoki uchinchi darajadagi siyosatchidan umummilliy qahramonga aylantirdi – bu Vengriya jamiyatining chuqur g‘oyaviy inqirozda turgan «eski muxolifatchilar»dan farq qiladigan yangi liderlarni izlash jarayonining timsoliga aylandi.

«Mamlakat uchun xizmat qilish»

Bu video ko‘rishlar soni tez orada ikki millionga yetdi – 10 million aholisi bor Vengriya uchun bu favqulodda katta natija edi.

Ushbu intervyuda aniq ayblovlar aytilmadi: Madyar ko‘proq Vengriya hokimiyat tizimining o‘zidagi buzuqlik va korrupsiya haqida gapirdi. Biroq buning o‘zi ham mamlakat uchun sensatsiya edi, chunki tizimdagi kamchiliklar haqida odatda faqat rasmiy muxolifatchilar yoki eng yaxshi holatda mustaqil OAV gapirardi. Madyar esa inqilobchi sifatida emas, balki tizim ichida bo‘lgan va uning qanday ishlashini yaxshi biladigan, siyosatning maxsus xizmatlar va biznes bilan qanday chambarchas bog‘langanini tushunadigan va endi bu noto‘g‘ri koordinatalar tizimida yashay olmaydigan umidsiz insayder sifatida tuyuldi.

«[Bu intervyudan keyingi] birinchi ikki hafta juda og‘ir o‘tdi, chunki men hammasini yo‘qotdim, hayotimda hamma narsani to‘xtatdim… Bu juda salbiy davr edi. Lekin bu faqat ikki hafta davom etdi. Keyin boshqa bir tarix boshlandi», – deb eslaydi Madyar keyinchalik.

Madyar uchun o‘ziga xos «sinov» 15-mart kuni bo‘ldi – o‘sha kuni Vengriya Ozodlik kunini nishonlardi. U vatandoshlarini Budapesht markaziy ko‘chalaridan biriga mitingga chiqishga chaqirdi.

«Taxminlarga ko‘ra, yig‘ilganlar soni 30 ming kishiga yetgan – bu so‘nggi yillarda hech bir muxolifat partiyasi bir joyda yig‘a olmagan raqamdan ko‘proq edi», – deb «Telex» mustaqil nashri Madyarning o‘zi uchun ham kutilmagan bu tadbir ko‘lamini ta’riflagan.

Shu mitingda Madyar o‘zining siyosiy partiyasini tuzish niyati borligini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu partiyaga «o‘z mamlakatining farovonligi uchun ishlashni xohlaydigan barcha yaxshi niyatli vengerlar» qo‘shilishi mumkin edi.

Zo‘ravonlikdagi ayblovlar

Ammo o‘z va’dasini amalga oshirishdan oldin, 2024-yil mart oxirida Peter Madyar 2023-yil yanvarda – Yudit Varga bilan ajrashishdan ikki oy oldin – uning oshxonada bo‘lgan suhbatini yozib olgan audioyozuvni e’lon qildi. Bu suhbatda Varga, uni yashirincha yozib olishganidan xabari bo‘lmagan holda, eriga prokuratura tomonidan muhim korrupsiya ishi bilan bog‘liq ayrim hassos hujjatlar «tozalangani» haqida gapiradi. O‘sha paytda adliya vaziri bo‘lgan Varga Vengriya hokimiyati «mafiya tizimi»ga aylanib qolgani va undan oddiy yo‘l bilan chiqib bo‘lmasligini ochiq tan oladi.

Keyinroq suratga olingan hujjatli filmda Madyar 2023-yilda bu yozuvni ehtiyot chorasi sifatida qilganini, agar u va Varga rejimning noroziligiga uchrasa, o‘zini himoya qilish uchun saqlab qo‘yganini aytgan, deb yozadi «Politico».

Bu audioyozuv Orban muxoliflariga uning qurgan davlat tizimidagi fundamental buzuqlik haqida qo‘shimcha dalillar berdi: jiddiy suiiste’molchiliklar haqida hokimiyatning eng yuqori qatlamlarida bilishgan, ammo unga qarshi hech narsa qilinmagan yoki qilish imkoni bo‘lmagan.

Yozuv e’lon qilinganidan so‘ng darhol Yudit Varga sobiq eri uning suhbatini bir yil davomida oshkor qilish bilan shantaj qilib kelganini bildirdi.

«Hozir u bu [yozuv]dan siyosiy maqsadlari uchun foydalandi. Bunday odamga ishonib bo‘lmaydi… Bu ishni menga uch o‘g‘il hadya qilgan inson qildi… u bilan og‘ir munosabatlardagi yillar davomida men unga qayta-qayta yangi boshlash uchun ko‘plab imkoniyatlar berganman», – deb u «Facebook»da yozgan edi.

Varganing unga nisbatan jismoniy zo‘ravonlikdagi ayblovlarini hukumatga yaqin matbuot ham darhol yoritdi. Orbanning asosiy propaganda quroli hisoblangan «Magyar Nemzet» gazetasi Madyar haqida keng maqola e’lon qilib, uni «Soplyak» deb atadi, shuningdek, uni hayotda «nuqta ham emas», hamma narsaga xotini orqali erishgan, oxiri esa tashlab ketilgan shaxs sifatida tasvirladi.

Nizo boshlanganidan uch kun o‘tib, Peter Madyar Varganing ayblovlariga javob qaytardi. U «Facebook» postida 18 yillik munosabatlar davomida hamma narsa bo‘lganini rad etmadi, ammo «men hech qachon farzandlarimning onasiga qo‘l ko‘tarmaganman, aksincha u menga bir necha marta musht bilan ham, oyoq bilan ham ba’zan guvohlar oldida, ba’zan yopiq eshiklar ortida zo‘ravonlik qilgan», deb yozdi. Shuningdek, u o‘ziga qarshi hokimiyat tomonidan diskreditatsiya kampaniyasi boshlanganini ta’kidladi.

Har qanday holatda ham, bu vaziyat hukumat vakillariga Madyar atrofidagi informatsion shov-shuvni «sariq matbuot mavzusi» darajasiga tushirish imkonini berdi. O‘sha paytda Viktor Orbanga Madyar haqida berilgan savolga u shunday javob bergan edi: «Men davlatni boshqarish bilan shug‘ullanaman, seriallar bilan emas».

Umuman olganda, 2024-yil bahorida Vengriya hokimiyati bu «kelganidan ko‘p o‘tmay yo‘qoladigan shov-shuvli shaxs»ni e’tiborsiz qoldirish strategiyasini tanlaganday ko‘rinardi, umid qilinishicha, uning mashhurligi ham xuddi kutilmaganda paydo bo‘lganidek tez so‘nadi.

«Fides»ga yaqin bo‘lgan uzoq yillik bir shaxs Madyarning jamoatchilik markazida bo‘lishini «uch kunlik ish» deb ta’riflagan», – deb yozgan o‘sha paytda «Guardian».

«Tisa»ning kelib chiqishi

Shu orada Peter Madyar va’da qilganidek o‘zining siyosiy partiyasiga ega bo‘ldi. Budapeshtdagi kuzatuvchilarning eslashicha, u dastlab siyosiy kuchni noldan yaratish haqida o‘ylagan. Ammo bunday ssenariyga vaqt masalasi to‘sqinlik qilgan: 2024-yil iyun oyi boshida Yevropa parlamenti saylovlari o‘tkazilishi kerak edi. Tez sur’atlarda ommalashayotgan Madyar unda qatnashishni rejalashtirgan, lekin shu vaqtgacha to‘liq partiya tuzib ulgurish jismonan imkonsiz edi.

Shuning uchun 2024-yil aprel oyida Peter Madyar va uning tarafdorlari «Hurmat va erkinlik» partiyasi (vengercha qisqartmasi — TISZA) nomidan saylovlarda ishtirok etishini e’lon qildi. Bu partiya saylovga qadar to‘rt yil oldin ro‘yxatdan o‘tgan, marginal siyosiy kuch bo‘lib, venger ommaviy axborot vositalari tomonidan «ikki kishidan iborat partiya» deb atalgan. Unga haqiqatan ham Eger kurort shahrida yashovchi ikki yoshi katta do‘st asos solgan bo‘lib, «Tisa»ning barcha faoliyati Madyar uning saflariga qo‘shilgunga qadar mamlakat bo‘ylab venger bayroqlari bilan bezatilgan furgonda yurib, «YouTube»ga o‘z sayohatlari haqida havaskor videolar joylashtirishdan iborat edi.

Madyar jurnalistlarga bir necha partiyalar bilan muzokaralar olib borganini aytgan va «Tisa»ni tanlashdagi muhim omillardan biri uning nomi ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nom venger madaniyati va tarixida «ijobiy va quvonchli ma’no» anglatadi.

Tisa vengrlar uchun shunchaki daryo emas – bu davlatning tizimni shakllantiruvchi asosiy suv arteriyasi, ukrainlar uchun Dnepr yoki polyaklar uchun Visla kabi milliy birlik elementi hisoblanadi. 1920-yildan keyin bir vaqtlar Vengriyaga tegishli bo‘lgan va Tisa oqib o‘tadigan yerlarning bir qismi hozirgi davlat chegaralaridan tashqarida qolgani sababli, bu daryo muayyan ma’noda yo‘qotilgan o‘tmish haqidagi xotira va nostalgiya ramziga ham aylangan.

Har qanday holatda ham, «Tisa» rahbariyatiga qo‘shilganidan bir necha kun o‘tib, Madyar jamoa yig‘ishni boshlagani va mamlakat bo‘ylab katta saylovoldi turini e’lon qilgan.

Birinchi saylovlar

Budapeshtdagi kuzatuvchilar Madyar muvaffaqiyatining asosiy omili haqida gap ketganda, albatta, Vengriya jamiyatining Viktor Orbanning uzoq yillik hukmronligidan charchaganini tilga olishadi. Biroq bir necha yil avval ham Orban Yevropa standartlariga ko‘ra ancha tajribali rahbar edi, ammo o‘sha paytda muxolifat unga jiddiy raqobat qila olmagan.

Vengriyalik ekspertlarning aytishicha, Madyarni ajratib turadigan jihat – uning mehnatkashligi va qat’iyati. Uning saylov kampaniyasining asosiy «fishkasi» – hozirgi parlament saylovlari ham, 2024-yilgi Yevropa parlamenti saylovlari ham bo‘ylab u mamlakatning turli shahar va qishloqlarida uzoq sayohat qilib, bir kunda to‘rt-besh, ba’zan oltigacha saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi bo‘lgan.

Madyar holatida gap faqat oddiy xalqqa yaqinlikni namoyish qilish haqida emas edi. Masala shunda ediki, siyosiy ma’noda Vengriya qishloqlari va kichik shaharlar aholisining mutlaq ko‘pchiligi «ruhiy hokimi» Viktor Orban deb hisoblanardi, shuning uchun Madyar va uning hamkorlari dastlab odamlar hokimiyatdagi bosh vazirga qarshi chiqaman degan shaxs bilan uchrashuvlarga keladimi-yo‘qmi, bu haqda ham aniq ishonchga ega emas edi.

«Biz Dyula shahriga yo‘l oldik (taxminan 30 ming aholiga ega shahar). Bu tur doirasidagi birinchi chiqishimiz bo‘lishi kerak edi va shu paytda menga do‘stim qo‘ng‘iroq qildi: ishonmaysan, bu yerda qasr yonida taxminan mingta odam yig‘ilgan. Bu juda yaxshi his edi, rostini aytsam», – deb eslagan Madyar keyinchalik «BBC» jurnalisti Nik Torpga bergan intervyusida.

Bu mitinglarning doimiy atributlari Madyarning nutqi, auditoriyaning kutilmagan savollariga javoblar va xohlovchilar bilan majburiy suratga tushish bo‘lgan.

«Menimcha, men Vengriya tarixida eng ko‘p selfi tushilgan insonman», – degan edi u o‘sha intervyuda.

Har bir mitingda uning tarafdorlari bilan birga kuylanadigan «Bahor shamoli» qo‘shig‘i ham bu kampaniyaning ajralmas qismi edi.

Marginal deb hisoblangan, bir necha oy oldin deyarli hech kim tanimagan siyosatchi tomonidan deyarli yakka o‘zi olib borgan bu partiya kampaniyasi kutilmagan katta muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Iyun oyidagi saylovlarda «Tisa» saylovchilarning qariyb 30 foiz ovozini olib, Peter Madyar boshchiligida Yevroparlamentga yetti nafar vakil kiritdi.

O‘sha paytdayoq «Tisa»ning keyingi bosqichi 2026-yilgi parlament saylovlari ekani, Madyar esa mamlakat bosh vaziri lavozimiga intilishini maqsad qilgani aniq bo‘ldi.

Yangi kampaniya

«Tisa» yetakchisi yangi saylovoldi turini o‘tgan yiliyoq boshlagan. U yana xuddi avvalgidek bir kunda bir necha uchrashuv o‘tkazgan, ba’zan shunday chekka qishloq va qo‘ni-qo‘shnilar yo‘q joylarga ham borganki, u yerlarga nafaqat yevroparlament deputatlari, balki mahalliy kengash a’zolari ham doimiy ravishda yetib bormaydi.

Yana Madyarning asosiy ustunligi aniq tuzilgan nutqlar bo‘lgan: e’tiborni iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma muammolariga qaratish, ularni hal etishda Viktor Orban hukumati sezilarli yutuqlar bilan maqtana olmasligi ta’kidlanadi. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga katta urg‘u beriladi – so‘nggi paytlardagi jurnalistik surishtiruvlar Madyarga amaldagi bosh vazirga qarshi keng maydon ochib bergan. Tashqi siyosat mavzusi esa Orban o‘z kampaniyasini qurgan yirik yo‘nalishlardan biri sifatida keng umumlashtirilgan holda ko‘tariladi.

«Tisa»ning mamlakat kelajagi haqidagi qarashlari 240 sahifadan iborat saylovoldi dasturda – «Funksional va insoniy Vengriya asoslari» deb nomlangan hujjatda jamlangan. Madyar tarafdorlari uni deyarli har qanday savolga javob bera oladigan kompleks strategiya deb atashadi, muxoliflar esa bu qadar hajmli va suvli (cho‘ziq) hujjat faqat sun’iy intellekt «qo‘lidan» chiqqan bo‘lishi mumkin, deb hazil qilishadi.

Shuningdek, ma’lum ma’noda paradoksal holat shuki, Viktor Orbanni – konservator, millatchi va Donald Trampning g‘oyaviy hamkori sifatida ko‘riladigan siyosatchini – mag‘lub etish uchun eng katta imkoniyatlar uning ideologik raqibi emas, balki o‘zi mansub bo‘lgan partiyadan chiqqan, o‘ng qanotga yaqin qarashlarga ega bo‘lgan shaxsda paydo bo‘ldi. Madyar migratsiya siyosatida qat’iy pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaydi yoki LGBT jamoasining huquqlari haqida juda ehtiyotkor tarzda fikr bildiradi; umumiy qilib aytganda, u ideologik jihatdan 2002-yilda o‘zi qo‘shilgan «Fides»ning dastlabki qadriyatlarini, ya’ni Viktor Orban keyinchalik shakllantirgan partiya emas, balki avvalgi «Fides» ruhini ifoda etuvchi shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

Joriy saylovlar uchun Madyar asosan yirik biznesdan chiqqan shaxslardan iborat jamoani tanishtirdi – ular kelajakdagi Vengriya texnokratik hukumatining asosini tashkil etishi kerak.

An’anaviy ommaviy axborot vositalari maydonida hukumat propagandasining ustunligi sharoitida Madyar va uning tarafdorlari asosiy kurashni ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirdi va, Budapeshtdagi kuzatuvchilar fikricha, bu raqobatda Orban jamoasini ortda qoldirdi.

Albatta, Madyar muvaffaqiyatining eng asosiy omili bu yuz minglab vatandoshlari qalbidagi o‘zgarishlarga bo‘lgan umiddir. Shu sababli uning atrofida turli ideologiya va qarashlarga ega odamlar birlashmoqda; ularni ko‘pincha faqat bitta fikr jipslashtiradi – Vengriyaning kelajak rivoji uchun yetakchini almashtirish hayotiy zarur, qolgan masalalarni keyin hal qilamiz degan qarash.

Shundan kelib chiqqan holda, mamlakat siyosiy tarixida misli ko‘rilmagan tarzda «Tisa orollari» deb ataluvchi mahalliy volontyorlar yacheykalari tarmog‘i shakllandi – aynan shu tuzilma Madyarning regionlardagi kampaniyasini ko‘tarib turibdi.

Albatta, Madyar va’da qilgan Vengriya hayotining barcha sohalaridagi fundamental o‘zgarishlarni amalga oshirish qanchalik real ekani alohida savol bo‘lib qolmoqda. Viktor Orban 16 yillik hukmronligi davomida Vengriya siyosiy tizimini deyarli «muzlatib qo‘ygan» darajada mustahkamlab qo‘ygan, shuning uchun uni buzib qayta qurish uchun parlamentda deputatlarning uchdan ikki qismi – konstitutsion ko‘pchilikka ega bo‘lish hayotiy zarur hisoblanadi.

Xuddi shu kabi, Kiyevning Peter Madyar hokimiyatga kelganidan keyin Ukraina–Vengriya munosabatlari hozirgi chuqur inqirozdan chiqadi, degan umidlari qanchalik asosli ekani ham ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, Budapeshtdagi ekspertlar fikricha, tashqi siyosat sohasida Madyar bosh vazir sifatida Vengriyaning Brussel bilan ancha yomonlashgan munosabatlarini yaxshilashga va mamlakatni hozirgi kunda Ukrainani maksimal qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasida turgan Yevropa siyosiy asosiy oqimiga qaytarishga e’tibor qaratadi. Bu yerda yana bir muhim omil shundaki, Madyar 2024-yilda Ukrainaga borib, Rossiya zarbasidan keyin «Oxmatdit» bolalar shifoxonasida bo‘lgan, uning direktori bilan uchrashgan, shuningdek, Buchaga va Ukraina himoyachilari xotirasi memorialiga tashrif buyurgan.

Ikkinchi tomondan esa, hozirgi kunda Vengriya jamiyati Viktor Orban kampaniyasi markaziga aylantirgan antiukrain propaganda ta’sirida juda keskin qarashlarga ega bo‘lib qolgan va bu omilni Peter Madyar, albatta, hisobga olishi kerak bo‘ladi.

«Madyar rahbarligida Vengriya Ukraina uchun YIning 90 milliard yevrolik kreditiga qo‘yilgan vetosidan voz kechadimi, degan savolga «Tisa» pozitsiyasi bilan tanish manba shunday javob bergan: bu oxir-oqibat jamoatchilik fikriga bog‘liq bo‘ladi», – deb yozgan yaqin kunlarda «Politico».

«Unga uylanmaymiz»

Nihoyat, Budapeshtdagi va Vengriya tashqarisidagi kuzatuvchilar Peter Madyarning yana bir xususiyatiga e’tibor qaratishadi: uning «teflonliligi». Hukumat tomonidan katta miqdorda ishlab chiqarilayotgan ayblovlarning hech biri, uni turli skandallarga tortishga urinishlar yoki u o‘z xohishi bilan tushib qoladigan vaziyatlar ham uning reytinglariga ta’sir qilmaydi va siyosiy jihatdan zarar yetkazmaydi.

«Hokimiyat uni oilasiga, partiyasiga, vataniga xiyonat qilgan deb ayblaydi, lekin bu unga ta’sir qilmaydi», – deydi kuzatuvchilardan biri.

Hukumat hatto uning ustidan jinoiy ish ochishga ham uringan. 2024-yil iyun oyida, Yevroparlament saylovlaridagi katta g‘alabadan ko‘p o‘tmay, Budapeshtdagi bir tungi klubda Madyar ehtimol, mast holatda uni raqsga tushayotganini suratga olishga uringan shaxsdan telefonni tortib olib, uni Dunayga tashlab yuborgan.

O‘sha paytda Vengriya Bosh prokuraturasi unga nisbatan javobgarlikka tortish jarayonini boshlagan. Madyarning o‘zi esa huquq-tartibot organlari hokimiyat vakillarining korrupsiya ishlarini ham xuddi shunday tez va qat’iyat bilan tergov qilsa yaxshi bo‘lardi, deb bayonot bergan. Oxir-oqibat Yevropa parlamenti uning deputatlik immunitetini bekor qilishdan bosh tortdi va ehtimoliy jinoiy ish natijasiz yakunlandi.

Ko‘rinishidan, shundan keyin ham hokimiyatning Madyarga qarshi «hujum qilish» urinishlari to‘xtamagan. U joriy yil fevral oyida o‘z tarafdorlarini ogohlantirib, hokimiyat unga qarshi «rus uslubidagi obro‘sizlantirish operatsiyasi» tayyorlayotganini, ya’ni Madyarning sobiq qiz do‘sti bilan bo‘lgan «intim lahza»ni e’lon qilish rejasi borligini aytgan.

«Ha, men 45 yoshli erkakman, mening jinsiy hayotim bor», – deb yozgan u o‘sha paytda «X» ijtimoiy tarmog‘ida.

Biroq Madyar «oldindan e’lon qilgan» bu video oxirigacha jamoatchilikka chiqarilmagan.

Shu bilan birga, Madyarga nisbatan tanqidlar faqat Orban lageri tomonidan emas, boshqa tomondan ham mavjud. Uning sobiq xodimlaridan biri Madyarni qattiqqo‘l deb ta’riflaydi. 2022-yil parlament saylovlarida birlashgan muxolifatga boshchilik qilib muvaffaqiyatsizlikka uchragan Xodmezyovasharxey shahri meri Peter Marki-Zay esa uni manman va xudbin inson sifatida tasvirlaydi.

Madyar bilan birga dastlab «Tisa» partiyasini shakllantirishni boshlagan, keyinroq esa bu jarayondan chekinib ketgan sobiq hamkor, tadbirkor Dejyo Farkash «Politico» nashriga bergan intervyusida ularning jamoasida boshida mavjud bo‘lgan startap madaniyati asta-sekin toksik muhitga aylanib borayotganidan shikoyat qilgan va bu muhit tobora Madyar chiqqan «Fides» partiyasini eslatayotganini aytgan.

Nihoyat, kuzatuvchilar hozirning o‘zidayoq Madyar ommaviy axborot vositalari bilan juda tanlab muloqot qilayotganini, o‘z jamoasining barcha a’zolariga intervyu berishni taqiqlaganini, faqat ayrimlarigagina jurnalistlarga qisqa izohlar berishga ruxsat etilganini ta’kidlashmoqda.

Ikkinchi tomondan esa, «Politico» nashriga Peter Marki-Zay shunday deydi: «Biz unga uylanmaymiz». Uning so‘zlariga ko‘ra, «Bizga faqat Orbanni ortda qoldiradigan kimdir kerak».

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 461

Barchasi

Mavzuga oid