OKMK ekologik talablarni buzgani uchun jarimaga tortildi
OKMKda aniqlangan chiqindilar va oqova suvlar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun 48 milliard so‘m kompensatsiya belgilandi.
© president.uzToshkent viloyatida joylashgan «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ faoliyatida ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Kombinat kamchiliklari
Tekshiruvlar davomida korxona ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan xavfli chiqindilarni qonun talablariga zid ravishda ochiq maydonlarda saqlagani ma’lum bo‘ldi. Bu holat atrof-muhitga, xususan, yer va yerosti suvlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, Angren shahridagi kon boshqarmasida oqova suvlarni tozalash tizimi samarasiz ishlayotgani aniqlangan. Mavjud inshootlar bo‘lishiga qaramay, uskunalarning eskirgani sababli suvlar to‘liq tozalanmagan.
Natijada oqova suvlar tozalanmasdan Angren daryosiga oqizilgani qayd etildi. Bu esa ekologik xavfni yanada kuchaytirgan omil sifatida baholanmoqda.
Majburiy ko‘rsatmalar
Aniqlangan holatlar yuzasidan korxonaga nisbatan 48 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya belgilandi. Bundan tashqari, kamchiliklarni bartaraf etish uchun 20 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekistonda kon-metallurgiya sohasi uchun xalqaro standartlarga mos ekologik talablar joriy etilgan bo‘lib, korxonalardan chiqindilarni kamaytirish va atrof-muhitga ta’sirni qisqartirish talab etiladi.





