Toshkentda uchta bozorning ayrim qismlari vaqtincha yopildi
Poytaxtdagi uchta bozorda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani aniqlanib, ayrim hududlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
© https://aviasozlar-bozori.uz/Toshkent shahrida 8-aprel kuni o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida uchta yirik bozorda yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tekshiruvlar Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» dehqon bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozori hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozorida amalga oshirildi. Nazorat jarayonida ushbu bozorlarning ayrim hududlarida jiddiy kamchiliklar borligi aniqlangan.
Xususan, ochiq holdagi elektr simlari, yong‘in xavfini kuchaytiruvchi omillar, yong‘in o‘chirish jo‘mraklarining nosozligi yoki umuman mavjud emasligi qayd etilgan. Shu sababli xavfli deb topilgan hududlar elektr ta’minotidan uzilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha yopildi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bozorlar to‘liq yopilmagan. Cheklovlar faqat qoidabuzarliklar aniqlangan ayrim bloklarga nisbatan qo‘llangan. Asosiy maqsad tadbirkorlik faoliyatini cheklash emas, balki insonlar xavfsizligini ta’minlash va ehtimoliy yong‘inlarning oldini olishdan iborat.
Viloyatardagi tekshiruvlar
Shu kabi tekshiruvlar Samarqand va Urganch shaharlarida ham o‘tkazildi. Samarqanddagi «Qurilish materiallari» savdo majmuasida ochiq elektr simlari, yong‘indan xabar beruvchi tizimlar va o‘chirish vositalarining yo‘qligi kabi qator kamchiliklar aniqlandi va obyekt qisman yopildi.
Urganch shahridagi buyum bozorida esa maishiy gaz ballonlaridan xavfli tarzda foydalanish, evakuatsiya chiqish yo‘llarining yopiqligi va ochiq elektr tarmoqlari qayd etildi. Natijada bozor hududi elektr ta’minotidan uzilib, vaqtincha faoliyati to‘xtatildi.
Mas’ullarga barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, talablar bajarilgandan so‘ng obyektlar faoliyati qayta tiklanishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 5-aprel kuni Toshkent shahridagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in sodir bo‘lgan edi.





