Tibetda dunyodagi eng baland quyosh stansiyasi qurilmoqda

Bugun 10:252 daqiqa

Xitoyning Sitszan hududida 4550 metr balandlikda joylashgan noyob quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi, u kechqurun ham energiya ishlab chiqara oladi.

Tibetda dunyodagi eng baland quyosh stansiyasi qurilmoqda © news.cgtn.com

Xitoyning Sitszan (Tibet) avtonom hududida 2026 yil 6-apreldan yirik quyosh energetikasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus qayta tiklanuvchi energiya manbalarini barqarorlashtirish va energiya ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.

Loyiha Dangsyun tumanida, dengiz sathidan 4550 metr balandlikda qurilmoqda. Bu esa uni dunyodagi eng baland joylashgan minorali quyosh issiqlik elektr stansiyasiga aylantiradi. Yuqori balandlikda joylashishi uning texnik va muhandislik jihatdan murakkabligini oshiradi.

Stansiya qanday ishlaydi?

Stansiya oddiy fotoelektrik panellardan farqli ravishda ishlaydi. Unda ko‘p sonli oynalar orqali quyosh nurlari bir nuqtaga jamlanib, issiqlik energiyasi hosil qilinadi. Bu issiqlik maxsus moy va eritilgan tuz yordamida saqlanadi va elektr energiyasiga aylantiriladi.

Ushbu texnologiya tufayli stansiya quyosh botgandan keyin ham 6 soatgacha ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa energiya ta’minoti barqarorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Qurilish jarayoni murakkab tabiiy sharoitlarda amalga oshirilmoqda. Balandlik, siyrak havo va keskin harorat ishchilar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bois, ular uchun maxsus yashash va ish sharoitlari tashkil etilgan.

Ekologik moslashuvchan

Loyihaning yana bir jihati — ekologik moslashuvchanligidir. Stansiya hududida joylashgan panellar ostida chorva mollari erkin harakatlana oladi, bu esa yerdan samarali foydalanish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, obyekt 2027 yilda ishga tushiriladi. U yillik 719 mln kV/h elektr energiyasi ishlab chiqarib, atmosferaga chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid