Naqdga qaytish: nega Rossiyada to‘satdan «kesh» yana ommalashmoqda?
Rossiya qandaydir o‘n yil ichida naqdsiz to‘lovlar bo‘yicha jahonning yetakchi davlatlaridan biriga aylangandi. Endi esa o‘z hukumatining xatti harakatlari tufayli ular yana naqd pulni afzal ko‘rishmoqda: oshirilgan soliqlar biznesni xolsizlantirmoqda, internetning bloklanishi esa naqdsiz to‘lovlarga bo‘lgan ishonchni o‘ldirmoqda.
© https://news.bitcoin.com/Dunyo bir qancha davlatlari, jumladan O‘zbekistonda ham naqdsiz to‘lovlarni ommalashtirish, naqd pulga savdolarni cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda nega Rossiyada naqd to‘lovlar yana ommalashmoqda? «The Bell» nashri vaziyatni tahlil qilib chiqdi.
Naqd pulning kutilmagan «renessansi»
2026-yilning yanvar oyida birdaniga bir nechta yirik iqtisodiy indikatorlar Rossiyada naqd pul orqali to‘lovlar ommalashib borayotganini, ya’ni naqd pul («kesh»)ga bo‘lgan talab keskin oshganini qayd etdi. Xususan, «Sberbank» mijozlarining hisob-kitoblarini tahlil qiluvchi «SberIndeks» servisi yil boshida savdo aylanmasida naqdsiz to‘lovlar ulushining keskin tushib ketganini aniqladi. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 2025-yilning dekabriga nisbatan 3 foizga qisqarib, 71,1 foizga tushib qoldi. To‘g‘ri, statistik nuqtayi nazardan yanvar oyi uzoq davom etadigan Yangi yil bayramlari sababli doim ham obyektiv ko‘rsatkich bermaydi, ammo oldingi yillarda bunday keskin pasayish umuman kuzatilmagan edi (masalan, 2025-yil yanvarida pasayish 1,2 foizni, 2024-yilda esa 1,7 foizni tashkil qilgan).
«Sberbank» rahbari German Gref ham fevral oyi oxirida Rossiyada naqdsiz to‘lovlar ulushining o‘sishi «qator soliq tashabbuslari» tufayli to‘xtab qolganini rasman tan oldi. Bundan tashqari, mart oyi boshida Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma ham «eski va qadrdon naqd pulning renessansi» yuz berayotganini tasdiqladi. So‘rovnomada qatnashganlarning 51 foizi 2026 yilning dastlabki oylarida sotuvchilar tomonidan xarid uchun naqd pulda to‘lash iltimosiga duch kelganini bildirgan (tanish manzara, a?). Sotuvchilar naqd pul bergan mijozlarga ko‘pincha chegirmalar taklif qilishgan va har beshinchi xaridorga bunday taklif muntazam ravishda berib kelingan.
Yana bir hayratlanarli raqam: Markaziy bank statistikasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida rossiyaliklar bank kartalari va hisobraqamlaridan 2022-yildan beri rekord miqdorda — 1,6 trln rubl naqd pulni yechib olishgan. Markaziy bank buni mavsumiy norma bilan izohlashga uringan bo‘lsa-da, avvalgi yillardagi raqamlar bunga mos kelmaydi (2025-yil yanvarida bu ko‘rsatkich 500 mlrd rubl, 2024 yilda esa 321 mlrd rubl bo‘lgan). Demak, aholining naqd pulga o‘tishi tasodifiy emas.
Tan olingan «Rus mo‘’jizasi»
Naqdsiz to‘lovlarning o‘sishdan to‘xtashi va hisob-kitoblarning ma’lum bir qismi qaytadan naqd pulga o‘tishi xavfi soliqchilar, bankirlar va Rossiyani jahonda naqdsiz to‘lovlar bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri sifatida ko‘rishga odatlangan amaldorlar uchun juda yoqimsiz yangilik bo‘ldi.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2025-yil yakunlariga ko‘ra Rossiyada naqdsiz to‘lovlar ulushi 88 foizga yetgan edi. Bu ko‘rsatkich Germaniya (49 foiz), Yaponiya (43 foiz) va Fransiya (52 foiz) kabi rivojlangan davlatlardan ancha yuqori bo‘lib, AQSH (86 foiz) bilan deyarli bir xil darajada edi. 2000-yillarning oxirida bu ulush bor-yo‘g‘i 20 foizdan oshmasdi. Hukumat o‘n yillar davomida naqdsiz hisob-kitoblarni ommaviy joriy etish kursini tanladi va bu o‘z mevasini berdi. 2018-yilda xalqaro konsalting kompaniyasi BCG bu jarayonni «Rus mo‘’jizasi» deb atagan edi. Bu mo‘’jiza arzon chakana moliyalashtirish, bank bozorining yuqori konsentratsiyasi (xususan, «Sberbank»ning ustunligi) va texnologiyalarga kiritilgan ulkan investitsiyalar evaziga ro‘y bergan edi.
Tanazzul sabablari
Xo‘sh, nega birdaniga hammasi o‘zgardi? Buning asosiy sababi sifatida biznes, xususan, karta orqali to‘lov qabul qiluvchi tadbirkorlar uchun xarajatlarning keskin oshib ketgani ko‘rsatilmoqda.
Yangi QQS yuki: 2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Rossiyada so‘nggi 20 yil davomida amal qilib kelgan imtiyoz bekor qilindi. Endi bankning karta orqali to‘lovlarni qabul qilish (ekvayring) xizmatlariga 22 foizlik stavkada qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) solinadigan bo‘ldi. Bu soliqni garchi bank to‘lasa-da, u o‘z xarajatlarini tabiiy ravishda mijozlarga (tadbirkorlarga) xizmat ko‘rsatish tariflarini oshirish orqali yuklaydi.
Kichik va o‘rta biznesga zarba: Ushbu yangilikdan eng ko‘p jabr ko‘rgan qatlam kichik va o‘rta biznes vakillari bo‘ldi. Qoidaga ko‘ra, yillik daromadi 20 million rubldan oshadigan kichik korxonalar 2026-yildan boshlab QQS to‘lashga majbur qilindi. Yirik biznes bu QQSni qaytarib qolish imkoniga ega bo‘lsa, kichik biznes uchun bu to‘g‘ridan to‘g‘ri zarardir. Shu sababli, kichik savdo nuqtalari bank vositachiligi va soliqlardan qochish maqsadida xaridorlardan naqd pul so‘rashga o‘tmoqda.
Texnik uzilishlar va internet muammolari: Soliq yukidan tashqari, naqd pulga qaytishning yana bir muhim sababi bor — bu texnik infratuzilmaning beqarorligidir. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Rossiyaning ayrim hududlarida, jumladan Moskvada «oq ro‘yxatlar» kabi cheklovlar va internetning tez-tez uzilishi sababli terminallar ishlamay qolishi kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda naqdsiz to‘lovlar o‘ta ishonchsiz tizimga aylanib qoladi. Tadbirkor va xaridor o‘rtasidagi savdo to‘xtab qolmasligi uchun eng kafolatlangan usul yana o‘sha an’anaviy qog‘oz pullarga murojaat qilish bo‘lib qolmoqda.
Aholi: Naqd pul ishonchli va barqaror
Markaziy bankning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hisobotida keltirilishicha, bugungi kunda rossiyaliklarning 90 foizi u yoki bu tarzda naqd puldan foydalanadi. Aholining 43 foizi o‘zini naqd pulsiz tasavvur qila olmasligini aytgan bo‘lsa, 32 foizi o‘z jamg‘armalarini aynan «kesh»da saqlaydi. Iste’molchilar naqd pulni «moliyaviy barqarorlikning ajralmas elementi» sifatida qabul qilmoqda, chunki u bilan har qanday sharoitda, internet bor-yo‘qligidan qat’i nazar, istalgan savdo nuqtasida hisob-kitob qilish mumkin.
Yashirin iqtisodiyot xavfi
Naqd pul aylanmasining ortishi davlat uchun eng katta bosh og‘rig‘i — «yashirin iqtisodiyot»ning kengayishiga olib keladi. Jahon banki tadqiqotlari ham naqdsiz to‘lovlar iqtisodiyotni soyadan olib chiqishning eng samarali usuli ekanini isbotlagan.
Masalan, Janubiy Koreyada 1999-yilda elektron to‘lovlar uchun soliq chegirmalari joriy etilgach, soliq deklaratsiyasi topshiradigan tadbirkorlar ulushi 30 foizdan 80 foizgacha oshgan edi. Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) ma’lumotlariga ko‘ra esa, raqamli to‘lovlarning har 1 foizga o‘sishi norasmiy sektordagi bandlikni sezilarli darajada kamaytiradi.
Rossiyada esa buning aksi kuzatilmoqda. Naqd puldagi savdoning ko‘payishi tadbirkorlik faoliyatining yashirin tus olayotganidan dalolat beradi.
Hozir Rossiyada yashirin iqtisodiyot hajmi YAIMning 10-12 foizini tashkil qiladi. «Kesh»ga o‘tish trendi Rossiya budjeti uchun eng noqulay vaqtda — iqtisodiyot sekinlashayotgan va soliqlar oshayotgan bir paytda yuz bermoqda. Gaydar instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil yakunlariga borib Rossiya budjeti mikro va kichik biznesning «soliqlarni optimallashtirishi» (ya’ni, naqd pul orqali soliqdan qochishi) oqibatida 0,5 trln rubl miqdoridagi ulkan mablag‘ni yo‘qotishi xavfi mavjud.
Xulosa qilib aytganda, soliq siyosatidagi qat’iylashuv va infratuzilmadagi nostabillik yillar davomida qurilgan raqamli to‘lovlar tizimiga putur yetkazmoqda va aholi hamda biznesni o‘z moliyaviy xavfsizligini ta’minlash maqsadida qaytadan naqd pulga o‘tishga majbur qilmoqda.
Teglar




