Mirziyoyev va To‘qayev Buxoroda muzokara o‘tkazadi
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari 11-aprel kuni Buxoroda uchrashib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish, savdo va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga jo‘nab ketdi va u yerda 11-aprel kuni Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari asosiy kun tartibidan o‘rin olgan.
Shuningdek, siyosiy muloqotni kengaytirish, parlamentlararo va hukumatlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.
Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va transport, energetika, suv hamda ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham kun tartibida bor.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati ham ushbu tashrifni tasdiqlab, yetakchilar o‘rtasida norasmiy uchrashuv o‘tkazilishi va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, tashrif davomida davlat rahbarlari Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishi, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishishi va mahsulotlar ko‘rgazmasida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Bugun esa Mirziyoyev Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishadi.




