Rossiya iqtisodiyotida pul oqimlari quladi: Markaziy bank xavotir bildirmoqda
Rossiya Markaziy banki to‘lov tizimi orqali o‘tayotgan pul oqimlarining keskin pasayishini qayd etdi. Real inqiroz ko‘rsatkichi inflatsiyani hisobga olganda 17 foizga yetgan.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kiruvchi to‘lovlar o‘tgan yilning to‘rtinchi choragiga nisbatan o‘rtacha 5 foizga kamaygan.
Pasayish sur’ati oy sayin tezlashmoqda: yanvarda 2,4 foiz, fevralda 4,5 foiz va mart oyida 8,1 foizlik qulash qayd etilgan. Bunday chuqur pasayish so‘nggi bor faqat pandemiya davrida kuzatilgan edi.
Yillik hisobda pul oqimlari 11,4 foizga qisqargan bo‘lsa, inflatsiyani hisobga olganda bu ko‘rsatkich 17 foizlik real inqirozni anglatadi. Regulyator buni birinchi navbatda xomashyo narxlarining pastligi bilan izohlamoqda.
Eksport tushumlari taxminan ikki oylik kechikish bilan kelgani sababli, birinchi chorakda Rossiya neft narxi minimal darajaga tushgan davrdagi mablag‘larni oldi. Iste’mol talabi, chakana savdo va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq tarmoqlarda ham tushumlarning keskin pasayishi kuzatilmoqda.
Naqd pulning qaytishi
Chakana savdodagi tushumlarning pasayishi iste’molchilar talabining boshqa ko‘rsatkichlariga zid kelmoqda. Iqtisodchi Yegor Susinning ta’kidlashicha, mart oyida internet va naqdsiz to‘lovlardagi uzilishlar fonida iqtisodiyotda naqd pulga bo‘lgan talab keskin oshgan.
Bir oy ichida naqd pul aylanmasi 1,6 foizga, yillik hisobda esa 12,2 foizga o‘sgan. Garchi pul massasida naqd pulning ulushi hali ham past bo‘lsa-da, bir oy ichida me’yordan 250-300 milliard rubl ko‘p naqd pul ishlatilgani iqtisodiyotdagi nosog‘lom tendensiyadan dalolat beradi.
Harbiy sanoat dominantligi
Pul oqimlarining qisqarishi Rossiya iqtisodiyotida o‘sishning amalda to‘xtaganini va fuqarolik sektori harbiy-sanoat majmuasi tomonidan siqib chiqarilayotganini ko‘rsatmoqda. Aynan harbiy sohaga aloqador tarmoqlar umumiy qulashni biroz yumshatib turibdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, tayyor metall buyumlar, transport vositalari ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotlar kabi tarmoqlarda kiruvchi to‘lovlar o‘sgan. Shunga qaramay, xususiy biznesda ishbilarmonlik faolligi pasaymoqda va fevral oyida 2022 yildan beri ilk bor manfiy ko‘rsatkich qayd etildi.





