Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan esdalik tangalari sotuvga chiqarildi
Bugun 31,1 gramm og‘irlikdagi esdalik oltin tanganing sotish narxi 61 426 000 so‘mni, xuddi shu vazndagi kumush tanganing sotish narxi esa 1 875 000 so‘mni tashkil qilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari sotuvi yo‘lga qo‘yildi.
Sotuvda:
• Amir Temur siymosi aks etgan, 31,1 g og‘irlikdagi 2 xil dizayndagi esdalik tangalari;
• Har biri 31,1 g bo‘lgan 3 talik suvenir to‘plamlari.
Tangalar 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan tayyorlangan bo‘lib, yuqori badiiy va kolleksion qiymatga ega.
Sotuv narxlari va banklardagi mavjudlik bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarida har kuni e’lon qilinadi.
Xususan, 2026-yil 9-aprel soat 20:07 holatiga ko‘ra, 31,1 gramm og‘irlikdagi esdalik oltin tanganing sotish narxi 61 426 000 so‘mni, bank tomonidan qaytarib sotib olish narxi esa 57 331 000 so‘mni tashkil etmoqda. Xuddi shu vazndagi kumush tangalar 1 875 000 so‘mdan sotilmoqda, ularni qayta sotib olish narxi esa 919 000 so‘m etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar «Mustaqillikning 35 yilligi» esdalik oltin tangasini zarb etadi.
Amir Temurdan Jaloliddin Manguberdigacha
O‘zbekiston 1994 va 1996-yillar Sohibqiron tavalludining 660 yilligi hamda mustaqillikning dastlabki yillarida Amir Temur haykali tasviri tushirilgan kumush tangalarni muomalaga chiqargan.
1994-yil buyuk munajjim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan ham maxsus tangalar zarb etilgan.
1999-yil algoritm asoschisi, buyuk matematik Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan ham alohida esdalik tangalari tayyorlangan.
2021 yilda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab «Xamsa» dostonlari tasvirlangan beshta oltin suvenirdan iborat to‘plamni hamda shoirning ijod jarayoni aks etgan 20 va 31,1 grammlik alohida oltin tangalarni muomalaga chiqargan.
Shuningdek, 2023-yilda mohir sarkarda va o‘zbek xalqi qahramoni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi munosabati bilan ham oltin va kumush tangalar zarb etildi. Ushbu tangalarning dizaynida sarkardaning ot ustida qilich tutib turgan timsoli hamda O‘zbekiston Respublikasi xaritasi aks ettirilgan.
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1025 yilligi munosabati bilan 1998-yilda kumush tanga zarb etilgan.





