Prezidentlarning «uchar saroylari». Kimning samolyoti eng qimmat?

Kecha 21:303 daqiqa

Davlat rahbarlari oddiy aviareyslarda emas, balki yuzlab million dollarlik, maxsus jihozlangan samolyotlarda parvoz qiladi. Ushbu «uchar saroylar» nafaqat transport vositasi, balki xavfsizlik, boshqaruv va diplomatik faoliyat uchun mo‘ljallangan mobil markaz hisoblanadi. Qaysi davlat rahbarining samolyoti eng qimmat va ular qanday imkoniyatlarga ega?

Markaziy Osiyo

1

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev foydalanadigan asosiy layner — Airbus A330-243 Prestige hisoblanadi. Uning VIP versiyasi taxminan 200–230 mln dollarga baholanadi.

Samolyot 50–60 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 13 400 km masofagacha to‘xtovsiz parvoz qila oladi. Bir soatlik parvoz xarajati 10–12,5 ming dollarni tashkil etadi. U DIRCM tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, raketa xavfini aniqlab, infraqizil nurlar orqali undan qochish imkonini beradi.

2

Qirg‘iziston esa so‘nggi yillarda aviaparkini yangiladi. Ilgari foydalanilgan, 1993 yilda ishlab chiqarilgan Tu-154M o‘rniga Airbus A320 xarid qilindi. Uning VIP versiyasi taxminan 110,6 mln dollarga baholanadi. Shuningdek, parkka Gulfstream G450 ham qo‘shilgan. U 8 000 km masofagacha parvoz qiladi va yuqori balandlikda uchishi sababli turbulentlik kam kuzatiladi. Ushbu samolyotning taxminiy qiymati 17,9 mln dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston: zamonaviy va tejamkor layner

3

O‘zbekiston prezidenti uzoq masofali parvozlar uchun Boeing 787-8 Dreamliner samolyotidan foydalanadi. Uning bazaviy narxi taxminan 248,3 mln dollar. Mazkur layner 14 140 km masofagacha to‘xtovsiz parvoz qila oladi va soatiga 903 km tezlikka ega. Samolyot ichi maxsus buyurtma asosida jihozlangan bo‘lib, unda konferensiya zallari va yotoqxonalar mavjud. Ushbu samolyotning asosiy afzalligi — tejamkorligi. U oldingi avlod samolyotlariga nisbatan taxminan 20 foiz kam yoqilg‘i sarflaydi. Bir soatlik parvoz xarajati 11–13 ming dollar atrofida.

Turkmaniston: eng yopiq va eng dabdabali parklardan biri

4

Turkmaniston rahbariyati ixtiyorida 5 ta VIP Boeing samolyoti (2 ta 777 va 3 ta 737) mavjudligi aytiladi. Ushbu aviaparkni saqlash uchun yillik xarajat 40–50 mln dollarga baholanadi.

Ular orasida eng yirigi Boeing 777 bo‘lib, uning qiymati 300–350 mln dollarga yetadi. Samolyot 16 000 km masofagacha parvoz qiladi va uzoq masofali rasmiy tashriflar uchun xizmat qiladi.

Yana bir e’tiborli layner — Boeing 737-700 bo‘lib, uning ichi haqiqiy «uchar muzey»ni eslatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, unda tilla suvi yuritilgan kranlar, maxsus bezaklar va milliy naqshlar qo‘llanilgan.

Tojikiston: nisbatan kamtar variant

5

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon «Somon Air» aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 samolyotidan foydalanadi. Uning qiymati taxminan 106 mln dollar.

Samolyot 5 700–6 000 km masofagacha parvoz qila oladi, bir soatlik xarajat esa 5,5–7 ming dollarni tashkil etadi.

Rossiya: «uchar Kreml»

6

Rossiya prezidenti Vladimir Putin foydalanadigan Ilyushin-96-300PU samolyoti dunyodagi eng qimmat prezident laynerlaridan biri hisoblanadi.

Uning bazaviy narxi 150–200 mln dollar bo‘lsa-da, to‘liq jihozlangan VIP versiyasi 500 mln dollardan oshishi mumkin. Samolyot to‘rtta dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori xavfsizlik darajasiga ega.

Bortda maxsus aloqa tizimlari, shu jumladan «Zveno» tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u orqali davlat rahbari istalgan nuqtadan turib strategik boshqaruvni amalga oshirishi mumkin.

Turkiya: eng yirik va qimmat flotlardan biri

7

Turkiya prezidenti ixtiyoridagi asosiy layner — Boeing 747-8 Intercontinental. U 2018 yilda Qatar amiri tomonidan sovg‘a qilingan.

Samolyotning qiymati 400–500 mln dollarga baholanadi. Oddiy versiyada 400 nafar yo‘lovchi sig‘dirsa, VIP variantida 76 nafarga mo‘ljallangan.

Bortda yotoqxonalar, majlis zali va hatto kichik tibbiyot bo‘limi ham mavjud. Bir soatlik parvoz xarajati 25–30 ming dollarga yetadi.

 Prezident samolyotlari haqiqatan ham «o‘q o‘tkazmasmi»?

 Mutaxassislarga ko‘ra, samolyotlarni to‘liq bronyalash texnik jihatdan imkonsiz. Agar korpus og‘ir metall bilan qoplansa, u havoga ko‘tarila olmaydi. Shu sababli, faqat ayrim muhim qismlar — kabina va VIP zona yengil himoya materiallari bilan mustahkamlanadi.

 Asosiy himoya esa elektron tizimlarga tayanadi:

• raketaga qarshi lazer tizimlari

• infraqizil tuzoqlar

• o‘z-o‘zini «yamovchi» yoqilg‘i baklari

 Bu texnologiyalar samolyotni tashqi tahdidlardan himoya qilishga xizmat qiladi.

Qaysi samolyot eng qimmat?

Taqqoslashlarga ko‘ra:

        Qozog‘iston — 200 million dollardan yuqori,

·        Qirg‘iziston — 110 million dollar

        O‘zbekiston — 248 million dollar atrofida

        Turkmaniston — 300 million dollardan yuqori,

·        Tojikiston — 206 million dollar

Eng qimmat samolyotlar Vladimir Putin va Rajab Toyyib Эрдўғанга tegishli. Ularning VIP darajadagi qiymati 500 million dollardan oshadi.

 

Teglar

null null

ZamiraMaqolalar soni: 1

Barchasi

Mavzuga oid