O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish tartibi belgilandi
O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish uchun bond omborlari joriy etilib, savdo jarayonlari soddalashtiriladi

O‘zbekistonda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yangi turdagi omborlar — bond omborlarini joriy etish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda 13-aprel kuni imzolangan prezident qarorida belgilandi.
Ombor tashkil etish muddati
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-iyuldan 2028 yil 1-iyulgacha bo‘lgan davrda huquqiy eksperiment sifatida bond omborlari tashkil etiladi. Ushbu omborlar rezident va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni vaqtincha saqlash va chakana sotish uchun xizmat qiladi.
Eksperiment doirasida:
Bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi;
Bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;
Bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi;
Bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi;
Bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi.
9-aprel kuni davlat rahbariga elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar taqdim etilgan edi. Unda mazkur tashabbus ilgari surilib, sohani yanada rivojlantirish vazifalari belgilangan.
Davlat rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, zamonaviy infratuzilma yaratish va raqamli platformalar uchun qulay hamda shaffof muhit shakllantirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan.





