AQSH elchixonasi o‘zbekistonlik muxlislar uchun «FIFA PASS» tizimi qanday ishlashini tushuntirdi
2026 yilgi Jahon chempionatiga chipta xarid qilgan o‘zbekistonlik muxlislar AQSH vizasi uchun suhbatga tezlashtirilgan tartibda kirish imkoniga ega bo‘ladi. Biroq elchixona chipta viza berilishini kafolatlamasligidan ogohlantirmoqda.

AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga (JCH-2026) chipta xarid qilgan muxlislar uchun viza suhbatini kutish vaqtini qisqartirishga yordam beruvchi «FIFA PASS» (ustuvor yozilish tizimi) tartibiga oydinlik kiritdi. Ushbu dastur musobaqani bevosita stadiondan tomosha qilishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar uchun viza olish jarayonidagi byurokratiyani biroz yengillashtirishni ko‘zlaydi.
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun muxlislar chiptani faqatgina Xalqaro futbol federatsiyasining rasmiy resursi —fifa.com/tickets sayti orqali sotib olgan bo‘lishi shart. Shundan so‘ng, shaxsiy kabinetda «FIFA PASS» dasturida ishtirok etish uchun rozilik shaklini yuborish kerak. Bunda ism-sharif va pasport raqami xorijga chiqish pasportidagi ma’lumotlar bilan to‘liq mos kelishini diqqat bilan tekshirish talab etiladi.
Viza olishning keyingi qadamlari
Rasmiy chipta xarid qilingach va tasdiqlangach, talabgor AQSH Davlat departamentining rasmiy viza portalida «DS-160» onlayn-anketasini to‘ldirishi lozim. Ariza to‘ldirish jarayonida ham pasport ma’lumotlari FIFA profilidagi axborot bilan bir xil bo‘lishi qat’iy talab etiladi.
Viza yig‘imi to‘langandan va muxlisda turnirga haqiqiy chipta borligi tizim orqali tasdiqlangandan so‘ng, arizachi suhbatga yozilish uchun ustuvor navbatga (tezlashtirilgan yo‘lakka) kirish huquqini qo‘lga kiritadi.
Chipta — viza uchun kafolat emas
AQSH elchixonasi suhbatga yozilishning soddalashtirilgan tartibi standart xavfsizlik talablarini bekor qilmasligini alohida ta’kidladi. Ya’ni, Jahon chempionati chiptasining mavjudligi viza berilishini yuz foiz kafolatlamaydi.
Yakuniy qarorni konsullik ofitseri shaxsiy suhbat davomida qabul qiladi. Shu bois, elchixona talabgorlarga anketada aniq va to‘g‘ri ma’lumot berishni hamda suhbat davomidagi savollarga tayyor turishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning 11-iyunidan 19-iyuligacha AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega. Mamlakat milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon birinchiligiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan va «K» guruhida Kolumbiya (17-iyun, Meksikada) Portugaliya (23-iyun, AQSHda) va Kongo DRga (27-iyun, AQSHda) qarshi maydonga chiqadi.


