Chexiya prezidenti: Tramp bir necha haftada NATOga Putindan ko‘proq zarar keltirdi

Bugun 08:252 daqiqa

Chexiya prezidenti Petr Pavel AQSH rahbari Donald Trampni NATO ishonchini yo‘q qilishda ayblab, uning harakatlari alyans uchun RF prezidenti Vladimir Putindan xavfliroq ekanini aytdi.

Chexiya prezidenti: Tramp bir necha haftada NATOga Putindan ko‘proq zarar keltirdi

Chexiya prezidenti va NATOning sobiq generali Petr Pavel AQSH rahbari Donald Trampning Eronga qarshi urush borasidagi tanqidlarini alyans uchun halokatli deb baholadi.

Pragadagi Karlov universitetida so‘zga chiqqan Pavelning ta’kidlashicha, Tramp so‘nggi haftalarda NATOga bo‘lgan ishonchni puchga chiqarishda Vladimir Putinning uzoq yillik harakatlaridan ham o‘tib tushdi. U AQSH prezidentining ittifoqchilar manziliga qarata aytgan gaplarini mutlaqo adolatsizlik deb atadi.

Pavelning tushuntirishicha, NATO mudofaa alyansi bo‘lib, o‘z hududidan tashqaridagi urushlarda avtomatik ravishda yordam berishga majbur emas. Yevropa davlatlariga urush maqsadlari haqida oldindan ma’lumot berilmagan va hech kim ulardan hamkorlikni so‘ramagan.

Vaziyat kutilmagan tus olgachgina Tramp ittifoqchilardan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlikni ta’minlashni talab qilgan. Rad javobini olgach esa, u NATOdan hafsalasi pir bo‘lganini ochiqchasiga e’lon qila boshladi.

Ittifoqchilarni jazolash rejasi

«The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati Eron bilan urushda AQSHni qo‘llab-quvvatlamagan NATO a’zolarini jazolash rejasini qizg‘in ko‘rib chiqmoqda. Bu esa alyans ichidagi bo‘linishni yanada kuchaytirishi mumkin.

Vashington o‘z qo‘shinlarini Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardan olib chiqib, ularni Polsha, Litva va Ruminiya kabi «sodiqroq» mamlakatlarga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Hozirda Yevropada 84 mingga yaqin Amerika harbiy xizmatchilari joylashgan bo‘lib, ularning ko‘chirilishi mintaqa xavfsizlik tizimini butunlay o‘zgartiradi.

Trampning keskin bayonoti

8-aprel kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda keskin bayonot qoldirdi: «NATO bizga kerak bo‘lganda yonimizda turmadi va yana kerak bo‘lsa, yordamga kelmaydi».

Bosh kotib Ryutte ham Yevropa davlatlari Trampning sinovidan o‘ta olmaganini tan olib, AQSH prezidentining hafsalasi pir bo‘lganini yaxshi tushunishini aytdi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlamaganlikda ayblab, Eron bilan urush tugagach, Vashingtonning NATOdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Alyansning kelajagi borasidagi yakuniy qarorni Trampning o‘zi qabul qiladi.

Teglar

Mavzuga oid