«OpenAI» reklama bozoriga kirmoqda: 2030-yilgacha 100 mlrd dollarlik daromad rejasi

Bugun 17:352 daqiqa

Kompaniya reklama orqali ulkan daromadni ko‘zlamoqda, biroq bu foydalanuvchilar ishonchiga ta’sir qilishi mumkin.

«OpenAI» reklama bozoriga kirmoqda: 2030-yilgacha 100 mlrd dollarlik daromad rejasi © Фото: businessinsider.com

Sem Altman rahbarlik qilayotgan kompaniya ilgari asosan pullik obunalarga e’tibor qaratgan bo‘lsa, endi reklama bozoriga katta urg‘u bermoqda. Manbalarga ko‘ra, investorlar uchun taqdimotlarda «OpenAI» joriy yilning o‘zida reklama orqali 2,5 mlrd dollar daromad qilishni kutmoqda. 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 100 mlrd dollarga yetishi rejalashtirilgan. Bu haqda «Axios» xabar berdi.

Jadal o‘sish

«OpenAI»ning pilot reklama loyihasi kutilmagan darajada yuqori natijalar ko‘rsatdi: bor-yo‘g‘i ikki oy ichida u yiliga 100 mln dollar doimiy daromad keltirdi. Shu asosda kompaniya eksponensial o‘sishni prognoz qilmoqda:

2026-yil – 2,5 mlrd dollar

2027-yil – 11 mlrd dollar

2028-yil – 25 mlrd dollar

2029-yil – 53 mlrd dollar

2030-yil – 100 mlrd dollar

Bu maqsadlarga erishish uchun «OpenAI» o‘z mahsulotlaridan foydalanuvchi haftalik auditoriya 2030-yilga borib 2,75 milliardga yetishini kutmoqda. Bu esa kompaniyaga «Google», «Meta Platforms» («Facebook», «Instagram», «WhatsApp»), «Amazon» va «TikTok» kabi gigantlardan bozor ulushini tortib olish imkonini beradi.

Nega chat-botlardagi reklama «oltin koni» hisoblanadi?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sun’iy intellekt xizmatlaridagi reklama an’anaviy reklamaga nisbatan ancha samarali bo‘lishi mumkin.

Agar «Meta Platforms» va «Google» algoritmlar orqali foydalanuvchining qiziqishlarini taxmin qilishga majbur bo‘lsa, chat-botlarda esa foydalanuvchilar o‘z ehtiyojlari, maqsadlari va aniq qaysi mahsulotni sotib olishni istayotganini o‘zlari bevosita bildirishadi.

Boshqa nuqtai nazar

Moliyaviy istiqbollarga qaramay, bu qadam obro‘ga oid xatarlarni ham olib kelishi mumkin. Chat-botlarning asosiy ustunligi shunda ediki, ular reklama beruvchi emas, balki foydalanuvchi manfaati uchun ishlaydi. Reklama joriy qilinishi esa bu muvozanatni o‘zgartirishi mumkin.

«OpenAI»ning asosiy raqobatchisi – «Anthropic» – allaqachon o‘z prinsipial pozitsiyasini bildirgan. «Super Bowl» translyatsiyasi davomida ular o‘zlarining «Claude» chat-boti reklamaciz qolishini ma’lum qilgan.

«OpenAI» esa reklama modeli sun’iy intellekt mahsulotlarini kengroq auditoriya uchun yanada ommabop qilishini ta’kidlamoqda. Kompaniya reklama kontentini SI javoblaridan aniq ajratib turish uchun maxsus tamoyillar ishlab chiqmoqda.

Shu bilan birga, «OpenAI» ehtimoliy IPO oldidan investorlarga barqaror va keng ko‘lamli daromad manbalariga ega ekanini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Bu daromadlar katta hisoblash quvvatlari uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplashi kerak.

Bugungi kunda raqamli reklama bozori bepul internet xizmatlarining asosiy moliya manbai bo‘lib qolmoqda, ammo ayni paytda u foydalanuvchilarni platformalarga bog‘lab qo‘yishi mumkinligi uchun tanqid ham qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid