O‘zbekiston uchun «qarz olish» arzonlashdi: bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

Bugun 13:493 daqiqa

O‘zbekiston xalqaro moliya bozorlarida obligatsiyalarni past foizda joylashtirib, tashqi qarz qiymatini kamaytirish va investorlar ishonchini oshirishga erishmoqda.

O‘zbekiston uchun «qarz olish» arzonlashdi: bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi? © getmidas.com

Avvalroq, 2026 yilning 1-aprel kuni O‘zbekiston jahon moliya bozorlarida 1 mlrd AQSH dollari ekvivalentidagi (12,2 trln so‘m) 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirganligi haqida xabar bergan edik. Mazkur bondlar tarixiy eng past foiz stavkasida — yillik 12,25 foiz miqdorida qayd etildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich xalqaro investorlar mamlakatda olib borilayotgan makroiqtisodiy siyosat va islohotlarga ijobiy baho berayotganini anglatadi. Taqqoslash uchun, 2026-yil 31-mart kuni ichki bozorda 3-yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari 12,39 foiz stavkada joylashtirilgan. Bu esa tashqi bozordan nisbatan arzon mablag‘ jalb qilish imkonini ko‘rsatadi.

Foiz stavkalari pasayish tendensiyasi

So‘nggi yillarda milliy valutada chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkalari izchil pasaymoqda. Xususan, 2024-yilda 16,625 foiz, 2025-yilda 15,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda 12,25 foizga tushdi.

Bu jarayon suveren risk-premiyasining kamayib borayotganini va tashqi kapital qiymatining arzonlashayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mamlakat moliyaviy barqarorligiga ishonch ortmoqda.

Reyting va investorlar ishonchi

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi xalqaro agentliklar tomonidan «BB» darajasiga oshirilishi ham investorlar qiziqishini kuchaytirdi. Natijada, 2025-yilda AQSH dollaridagi obligatsiyalar ikkilamchi bozorda o‘rtacha 1,08 foizga arzonlashgan.

Bu holat xalqaro bozorda O‘zbekiston qarz instrumentlariga talab oshganini ko‘rsatadi.

Ichki bozorga ta’siri

Milliy valutada chiqarilgan yevrobondlar ichki moliya bozoriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2024-yil boshida 3-yillik davlat obligatsiyalari bo‘yicha o‘rtacha foiz 17,95 bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 2025–2026-yillarda 14,61 foizgacha pasaydi.

Bu esa davlat qarz resurslari arzonlashayotganini va ichki bozordagi stavkalar barqarorlashayotganini anglatadi.

Valuta risklari va strategik afzallik

Milliy valutada chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar muhim strategik ustunlikka ega. Ularda valuta risklari xalqaro investorlar zimmasiga o‘tadi, bu esa davlat qarzi portfelidagi xatarlarni kamaytiradi.

Shu bilan birga, ushbu obligatsiyalarning «GBI-EM» (The Government Bond – Emerging Market Index) indeksiga kiritilishi yangi institutsional va xususiy investorlarni jalb qilish imkonini yaratadi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlarida past foizda mablag‘ jalb qilayotgani mamlakatning moliyaviy barqarorligi mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa kelgusida iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Bu chora iqtisodiy barqarorlikni saqlash va davlatning ijtimoiy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish imkonini beradi. Hukumat mablag‘larni strategik rivojlanish dasturlarini uzluksiz amalga oshirishni ta’minlashga sarflaydi.

Shu bilan birga, mazkur emissiya O‘zbekistonning boshqa emitentlari va tijorat banklari uchun jahon moliya bozorlarida milliy valutadagi xalqaro obligatsiyalarini qulay shartlarda chiqarishga xizmat qiladi. Bu milliy valuta — so‘mning xalqaro bozorlardagi nufuzini oshiradi. Davlat budjetining resurs bazasini kengaytirish orqali iqtisodiyotning turli tarmoqlarida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va aholi farovonligini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid