Toshkentdagi yana bir bozor vaqtincha yopildi
Avvalroq poytaxtdagi uchta bozorning ayrim qismlari vaqtincha yopilganligi haqida xabar berilgandi.
© yadex mapsToshkent shahridagi “Askiya” dehqon bozori yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani sababli vaqtincha yopildi. Bu haqda 9-aprel kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, poytaxtda bir qator bozorlarda davlat yong‘in nazorati tekshiruvlari o‘tkazilgan. Ularning natijasida bir nechta savdo nuqtalarida jiddiy kamchiliklar aniqlangan.
Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” bozori, Bektemir tumanidagi “Qo‘yliq” qurilish bozori, shuningdek, “Abu Saxiy”, “Farhod” va boshqa savdo obyektlarining ayrim hududlarida yong‘in xavfsizligi talablari buzilgani qayd etildi. Ayrim joylarda elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan.
Shu bilan birga, “O‘rikzor” savdo kompleksining to‘qqizta bloki ham elektr tarmog‘idan uzildi. Kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ushbu obyektlarda faoliyat qayta tiklanishi ma’lum qilingan.
Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” bozorida esa holat talabga javob bermasligi sababli butun bozor elektr ta’minotidan uzilib, faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu choralar tadbirkorlikka to‘sqinlik qilish uchun emas, balki favqulodda holatlarning oldini olish va aholi gavjum joylarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, 5-aprel kuni Chilonzor tumanidagi bozorda sodir bo‘lgan yong‘indan keyin tekshiruvlar yanada kuchaytirilgan. Shu munosabat bilan bunday nazorat tadbirlari yil davomida muntazam davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi uchta bozorda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani aniqlanib, ayrim hududlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilganligi haqida xabar bergan edik.





