«U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi joriy etiladi

Bugun 09:522 daqiqa

2026 yildan «U 10» dasturi joriy qilinib, 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi.

«U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi joriy etiladi © nuu.uz

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshiriladi. Prezidentning 2026 yil 10-apreldagi PF–58-sonli farmoniga muvofiq, «U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi ishga tushiriladi.

Ushbu dastur doirasida mamlakatdagi eng salohiyatli 10 ta oliy ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi. Bu maqom ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash va innovatsion faoliyatni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur maqomni qo‘lga kiritish uchun universitetlar Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etiladigan ilmiy klaster loyihalari tanlovida ishtirok etadi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim muassasasi mazkur maqomga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, 2027 yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim muassasalarini milliy reyting asosida moliyaviy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, universitetlar faoliyati samaradorligiga qarab turli toifalarga ajratiladi.

Reyting natijalariga muvofiq, har bir toifadagi universitetlarning 20 foizi birinchi darajaga, qolgan qismi esa ikkinchi va uchinchi darajalarga taqsimlanadi. Bu tizim raqobatni kuchaytirish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarni o‘qitish xarajatlarini shakllantirish tartibi ham o‘zgarmoqda. Yangi tizimda professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnik baza hamda sohaning ustuvorligi kabi mezonlar hisobga olinadi.

Bu o‘zgarishlar oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-tadqiqotga yo‘naltirilganligini kuchaytirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid