O‘zbekistonda pul jamg‘armaydiganlar ulushi ortmoqda

Bugun 09:302 daqiqa

2025 yilning so‘nggi choragida pul jamg‘armaydiganlar ulushi 2,4 foizga oshgan, shu bilan birga 7–10 mln so‘m daromadli aholi orasida kreditga yuqori ehtiyoj saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonda pul jamg‘armaydiganlar ulushi ortmoqda © Илья Семендеев / Spot

Markaziy bankning 2025 yil IV choragi uchun o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 40,4 foizi umuman jamg‘armaga ega emasligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich III chorakda 38 foizni tashkil etgan bo‘lib, uch oy ichida 2,4 foizga o‘sgan.

Pul jamg‘arish muddatlari

So‘rovnomada aholining jamg‘arma to‘plash muddatlari ham tahlil qilingan. Qatnashchilarning 34,1 foizi faqat bir oygacha yetarli bo‘lgan qisqa muddatli jamg‘armaga ega ekanini aytgan. Shu bilan birga, 3–6 oylik zaxiraga ega bo‘lganlar ulushi biroz oshgani kuzatilgan.

Biroq boshqa toifalarda kamayish qayd etilgan. Xususan, 1–3 oylik va 6 oydan ortiq muddatga yetarli jamg‘armaga ega bo‘lganlar ulushi o‘tgan chorakka nisbatan pasaygan. Bu holat aholining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligi susayib borayotganini anglatishi mumkin.

Shunga qaramay, fuqarolarning aksariyati kelajakka nisbatan ijobiy qarashni saqlab qolmoqda. So‘rov ishtirokchilarining 62,6 foizi o‘z jamg‘armalari kelgusida ko‘payishiga ishonch bildirgan. Yana 24,2 foiz respondent mablag‘lar o‘zgarishsiz qolishini taxmin qilgan, 13,2 foiz esa kamayishini kutmoqda.

Kreditga bo‘lgan ehtiyoj

Qatnashchilarning 54 foizi kelasi 12 oy ichida bankdan qarz olish niyatida ekanini bildirgan. Bu ko‘rsatkich oldingi chorakka nisbatan biroz yuqori ekani qayd etilgan.

Tahlilga ko‘ra, kreditga eng yuqori talab oylik daromadi 7–10 mln so‘m bo‘lgan aholi qatlamida kuzatiladi. Aksincha, oylik daromadi 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlar orasida kreditga bo‘lgan qiziqish pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

Fuqarolar oladigan kreditlarning asosiy qismi uy-joy ta’miri, ta’lim xarajatlari va avtomobil sotib olishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid