«Zamhokim» 50 ming dollar pora bilan ushlandi. Mirziyoyeva Tramp vakili bilan uchrashdi. Budjetdan 2 mlrd o‘marmoqchi bo‘lgan «shovvozlar» fosh etildi — hafta dayjesti

Bugun 18:506 daqiqa

Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.





Amaldor 50 ming dollar pora bilan ushlandi

Bu hafta davomida mamlakatda yuqori lavozimli amaldor ishtirokidagi korrupsiya holati fosh etildi.

Andijon viloyati hokimining turizm va madaniyat bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanov 50 ming dollar pora olayotganda DXX tomonidan ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, amaldor tadbirkorlik boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroga Bobur shahridagi davlat zaxirasida turgan 20 sotix yer maydonini autsion orqali olib berishni va’da qilgan. Evaziga esa har bir sotix yer uchun 2500 dollardan, jami 50 ming dollar talab qilgan.

4-aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Ismanov kimyoviy ishlov berilgan pullarni o‘z uyida qabul qilayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Qizig‘i, amaldor muqaddam ichki ishlar tizimida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2025-yilning dekabrida viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan Ismanov, yangi kursida hatto to‘rt oy ham o‘tirishga ulgurmadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.Ichki ishlar tizimida polkovnik darajasigacha ko‘tarilgan, qonun ustuvorligini himoya qilishi kerak bo‘lgan shaxsning bunday jinoyatga qo‘l urishi jamoatchilikda keskin e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Biroq qonun hamma uchun barobar, amaldorning o‘tmishdagi xizmatlari uni jazodan qutqarib qololmaydi.

 

Soliqqa tortilayotgan san’atkorlar

Bu hafta yakunlanayotgan bo‘lsa-da, san’atkorlarning soliq to‘lashi masalasi atrofidagi muhokamalar hanuz to‘xtagani yo‘q.

Bir necha yildan beri jamoatchilikda bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan ushbu masala yuzasidan hukumat 2026 yilga kelib aniqroq qadamlar tashlashni boshladi. Xususan, san’atkorlarga berilgan soliq imtiyozlarini qisqartirish va ularni boshqa faoliyat turlari kabi umumiy tartibda soliqqa tortish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, san’atkorlardan har bir to‘y va konsert uchun alohida soliq undirish taklif qilingan. Unga binoan, 2026 yil 1-sentabrdan boshlab ijrochilar va ijodiy jamoalarning barcha xizmatlari «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatga olinishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2026 yil 1-sentabrdan 2029 yil 1-yanvarga qadar ular jismoniy shaxslar daromad solig‘ini «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida, belgilangan qat’iy miqdorlarda to‘lab borishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda, Madaniyat vazirligi mazkur tashabbus yuzasidan ayrim yengilliklar joriy etishni taklif qilgan.

 

Javohir Sindorov Rameshbabuni yana mag‘lub etdi

Bu hafta xalqaro shaxmat maydonida O‘zbekiston uchun muhim yutuq qayd etildi.

Kiprning Peye shahrida o‘tkazilayotgan Nomzodlar turnirida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritib, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhani yana bir bor mag‘lub etdi. Shu bilan u turnir davomida raqibini ikkinchi marta yengishga muvaffaq bo‘ldi.

10 turdan so‘ng Sindorov 8 ochko to‘plab, jadvalda yaqqol peshqadamlikni saqlab turibdi. Uning asosiy ta’qibchilari ortda qolgan, shu bois qolgan to‘rt turda durang natijalar ham unga umumiy g‘alabani kafolatlashi mumkin.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik shaxmatchi nafaqat turnirda yetakchilikni mustahkamladi, balki Nomzodlar turniri formatidagi g‘alabalar soni bo‘yicha ham rekord natija qayd etdi.

Javohirning shaxsiy hayotida ham yangilik borga o‘xshadi. Ijtimoiy tarmoqlarda Javohir Sindarov hamda qozog‘istonlik grossmeyster, blits bo‘yicha 3 karra jahon chempioni, eng yosh ayol chempion sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirgan Bibisara Assaubayeva aks etgan surat e’lon qilindi.

 

«Osmondan tushgan» 2 mlrd

Yakunlanayotgan haftada 20 mlrd so‘mlik soxta tovar aylanmasi hujjatlari orqali budjetdan 2 mlrd so‘m QQSni qaytarishni rejalashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki hujjatlar orqali budjetdan 2 mlrd so‘m QQSni qaytarib olishni rejalashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.

Tergovga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiydagi korxona vakilini ishontirib, 20 mlrd so‘mlik soxta tovar aylanmasi hujjatlarini tayyorlashni taklif qilgan.

U bu orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarib berishni va’da qilib, 340 mln so‘m talab qilgan.

Sxemaning amaliy qismi esa Andijondagi tadbirkor tomonidan bajarilib, u 18,6 mlrd so‘mlik xizmatlar bo‘yicha 10 ta qalbaki hisob-faktura rasmiylashtirgan.

 

Avtobus «quyon» lari ushlandi

Poytaxtda jamoat transportidan foydalanishdagi intizom masalalari yana bir bor e’tibor markaziga chiqdi.

2026 yilning yanvar–mart oylari davomida Toshkentda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaslik holatlari bo‘yicha 32 450 ta qoidabuzarlik aniqlandi.

Transport nazorati inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilgan. Nazorat ishlari «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Inspektorlar avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qarshi muntazam reydlar o‘tkazmoqda.

 

Mirziyoyeva Trampning vakili bilan uchrashdi

Bu hafta Saida Mirziyoyeva Trampning qarorgohida Serjio Gor bilan uchrashdi. AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, asli Toshkentda tug‘ilgan elchi Serjio Gor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbariga Mar-a-Lagoda mezbonlik qildi.

Uchrashuvdan e’lon qilingan rasmda Mirziyoyeva va  Serjio Gordan tashqari Trampning qizi Tifani  va kuyov Maykl Baulousni ham ko‘rish mumkin.

Mirziyoyeva Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar samarali bo‘lishiga umid bildirdi va o‘tgan muloqotni konstruktiv deb baholadi.

Shuningdek, Mirziyoyeva Vashingtonda Ben Blek bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

 

Go‘sht importiga subsidiya joriy etildi

So‘ngi vaqtda O‘zbekistonda go‘sht narxi keskin oshib borayotgani keng muhokamalrga sabab bo‘layotgan edi.

Bu hafta tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda davlat tomonidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratiladi.

«Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda davlat tomonidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratiladi. Mazkur chora go‘sht mahsulotlari bozorida narxlarni barqarorlashtirishga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1-apreldan 1-avgustgacha go‘sht importi xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Biroq bu kompensatsiya har bir kilogramm uchun 0,8 dollardan oshmasligi belgilangan. Imtiyoz logistika xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan.

 

Toshkentda to‘rtta bozorning ayrim qismlari vaqtincha yopildi

5-aprel kuni xalq orasida «Ippodrom» nomi bilan mashhur bo‘lgan Chilonzor tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» savdo majmuasida yirik yong‘in chiqdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda «yong‘inda jarohat olganlar va vafot etganlar bor» mazmunida xabarlar tarqalgan. Biroq, FVVning bildirishicha, yong‘in oqibatida hech kimga ziyon yetmagan.

Aftidan «Ippodrom» dagi yong‘in ortidan mutassaddilar nazoratni kuchaytirdi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida to‘rtta bozorda yong‘in xavfsizligi talablari buzilgani aniqlandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» dehqon bozori, Chilonzor tumanidagi buyum bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozori hamda “Askiya” bozorida jiddiy kamchiliklar qayd etilgan. Shu sababli xavfli deb topilgan ayrim hududlar vaqtincha elektr ta’minotidan uzilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar cheklovlar joriy etilgan.

 

Prezident Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

O‘zbekistonda Amir Temurning 690 yilligi keng nishonlandi. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari sotuvi yo‘lga qo‘yildi.

Sotuvda:

• Amir Temur siymosi aks etgan, 31,1 g og‘irlikdagi 2 xil dizayndagi esdalik tangalari;

• Har biri 31,1 g bo‘lgan 3 talik suvenir to‘plamlari.

 

 

 

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 38

Barchasi

Mavzuga oid