Manzil-koloniyalari nega to‘liq yopilmayapti ?

Bugun 20:512 daqiqa

IIV vakili 5 yil ichida 5 ta manzil koloniyasi yopilganini ma’lum qildi.

Manzil-koloniyalari nega to‘liq yopilmayapti ?

11-aprel kuni Ichki ishlar organlari faoliyatining joriy yil birinchi choragiga bag‘ishlangan tahliliy hisobot yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda VAQT.UZ muxbiri tomonidan manzil-koloniyalarning taqdiriga oid savol o‘rtaga tashlandi.

Savolda 2020 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomasida manzil-koloniyalarni bosqichma-bosqich yopish va mahkumlarni probatsiyaga o‘tkazish haqida bildirilgan fikrlar eslatilib, hozirgacha bu muassasalar faoliyati davom etayotgani qayd etildi.

IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Satimbayev Otabek Mirzatillayevich mazkur masalaga izoh berib, avval mamlakatda 25 ta manzil-koloniya mavjud bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ular soni 5 taga qisqartirilgan.

«Bugungi kunda hozir manzil-koloniyalarimiz beshtaga qisqargan. Ya’ni bosqichma-bosqich qisqarib boradi, ammo bu degani o‘sha 20 tasining ham yo‘q bo‘lib ketadi degani emas», — dedi Satimboyev.

Uning aytishicha, manzil-koloniyalar mahkumlarni ozodlikka tayyorlashning muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda jazo o‘tayotgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik tamoyillari qo‘llanilib, ularni probatsiya xizmatiga o‘tkazish imkoniyatlari mavjud.

Mazkur jarayon sud qarorlari asosida amalga oshiriladi. Jinoyatning og‘irlik darajasi, mahkumning xulqi va tuzalish holati inobatga olinib, ma’muriy komissiya xulosasidan so‘ng ish sudga kiritiladi.

Natijada mahkumlar muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi yoki jazosi yengilrog‘iga almashtirilishi mumkin. Bunday hollarda ular probatsiya xizmati nazorati ostida jazoni o‘tashda davom etadi.

Shu bilan birga, barcha toifadagi jinoyatlar uchun bunday yengilliklar qo‘llanilmaydi. Xususan, ayrim og‘ir jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish yoki voyaga yetmaganlarga nisbatan og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslar uchun manzil-koloniya jazoning yakuniy bosqichi sifatida saqlanib qoladi.

«Ko‘pchilik manzil-koloniyaga o‘tgan shaxslarga nisbatan nega muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘iga almashtirish qo‘llanilmayapti, degan savollar bilan murojaat qiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ayrim jinoyatlar toifasi mavjud bo‘lib, ularda manzil-koloniya jazoning yakuniy bosqichi hisoblanadi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 73-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar — javobgarlikni og‘irlashtiruvchi sharoitda qasddan odam o‘ldirish, voyaga yetmaganga nisbatan nomusga tegish yoki boshqa og‘ir jinoyatlar shular jumlasidandir. Bunday holatlarda mahkumlarga nisbatan faqat manzil-koloniya jazosi qo‘llaniladi va ularga nisbatan muddatidan ilgari ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘iga almashtirish tartiblari tatbiq etilmaydi», — dedi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qancha mahkum borligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid