P2P-operatsiyalar monitoringi, birja savdolaridan chetlashtirilgan korxonalar va 50 ming dollar bilan ushlangan Andijon hokimi o‘rinbosari — 6-aprel dayjesti

Kecha 23:283 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

P2P-operatsiyalar monitoringi, birja savdolaridan chetlashtirilgan korxonalar va 50 ming dollar bilan ushlangan Andijon hokimi o‘rinbosari — 6-aprel dayjesti

P2P-operatsiyalar monitoring qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, soliq tizimini izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlangan. Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tgan. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.

2026-yilning mart oyi uchun «Palov indeksi» ma’lumotlari e’lon qilindi

Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil mart oyi uchun «Palov indeksi»ni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 1 kg palov tayyorlash xarajati eng yuqori Toshkent shahrida — 119 989 so‘m, eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonda — 99 973 so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatida ham ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori bo‘lsa, Sirdaryo va Andijon kabi hududlarda pastroq qayd etilgan.

Hisob-kitoblar palov tayyorlash uchun zarur asosiy mahsulotlar — yog‘, go‘sht, guruch, sabzi va boshqa ingrediyentlar narxi asosida amalga oshirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar tayyor palov narxini emas, balki uni tayyorlash xarajatlarini aks ettiradi.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan farmatsevtika savdosini keskin oshirmoqchi

2026 yil 4-aprel kuni Qobulda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazib, farmatsevtika savdosini 500 mln dollarga yetkazishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Uchrashuvlarda qo‘shma ishchi guruh tuzish, bozorga kirish mexanizmlarini soddalashtirish va xalqaro GDP standartlarini joriy etish orqali mahsulot sifati va logistika zanjirini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Afg‘onistondagi distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

AFDA bilan muzokaralarda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining uzoq davom etayotgani asosiy to‘siq sifatida qayd etildi va uni soddalashtirish taklif qilindi. Tomonlar shourum tashkil etish, davlat xaridlarida ishtirokni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu tashabbuslar savdo hajmini oshirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

29 ta korxona birja savdolaridan chetlashtirildi — Raqobat qo‘mitasi

O‘zbekistonda bug‘doy va un mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni birja savdolariga chiqarmaslik holatlari qayd etilgan va 2026 yil 3-apreldan boshlab 29 ta korxona birja savdolaridan chetlashtirildi.

Shuningdek, joriy yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Qo‘mita ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun birja savdolarida shaffoflik va intizom ustidan nazorat kuchaytirilishini, qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Andijon viloyat hokim o‘rinbosari 50 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Ismanov Isomiddin Baxriddinovich 2026 yil 4-aprel kuni tezkor tadbirda 50 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u tadbirkorga Bobur shahri hududidan 20 sotix yer ajratib berish uchun har sotixiga 2 500 dollardan pul talab qilgan. Pora sifatida berilgan mablag‘lar kimyoviy ishlov bilan nazorat ostida topshirilib, u pulni qabul qilayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur holat bo‘yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u protsessual tartibda hibsga olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid