Logo

Qashqadaryo yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytildi

Bugun 13:225 daqiqa

Davlat rahbari viloyatdagi uchrashuvda tuman hokimlari va banklar «bilimga – rag‘bat, mehnatga – imkoniyat, tashabbusga – madad» beradigan muhit yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yilda eng ilg‘or hududlar qatoriga chiqishi mumkinligini ta’kidladi. Viloyatda 2026-yil tugagunigacha kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf qilish uchun aniq hisob-kitoblar borligi urg‘ulandi. Qaysi loyihalarga qancha pul berilgani, qaysi hududda kambag‘al oila ham, ishsiz aholi ham qolmagani aytildi.

Qashqadaryo yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytildi © president.uz

Qashqadaryo viloyati 2026-yilning yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.

Uning yozishicha, davlat rahbari bu natijaga erishish uchun aniq hisob-kitoblar mavjudligini qayd etgan.

«Kecha viloyatning shahar va tumanlarida, mahallalarida bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rib, tadbirkor, investor, yoshlarning ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, juda katta kuch oldim», — degan prezident.

Qashqadaryoda yilning to‘qqiz oyida sanoat 8,4 foiz, xizmatlar 16,6 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,9 foizga o‘sgani aytildi. Shu bilan birga, davlat rahbari hozirgi natijalar bilan viloyatning mavjud salohiyati o‘rtasida hali katta farq borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari bo‘yicha viloyat respublikada yettinchi, xizmatlar bo‘yicha to‘qqizinchi, qishloq xo‘jaligi va qurilish hajmi bo‘yicha o‘n birinchi o‘rinda. Prezident tuman hokimlari va banklar «bilimga – rag‘bat, mehnatga – imkoniyat, tashabbusga – madad» beradigan muhit yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yilda eng ilg‘or hududlar qatoriga chiqishi mumkinligini ta’kidladi.

Prezident matbuot kotibiga ko‘ra, sanoatda yangi bosqichga o‘tish uchun viloyatda yetarli resurs bor. Gaz, elektr va yerosti boyliklarini daromadli ish o‘rinlari hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, GTL zavodida qiymati 300 million dollar bo‘lgan uchta yirik loyiha tayyor. Zavoddan olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 1,5 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish mumkin. Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini 365 ming tonnadan 600 ming tonnaga yetkazish imkoniyati, kichik tonnajli kimyo yo‘nalishida esa 830 million dollarlik 30 dan ortiq loyihaviy taklif bor.

Viloyatga tayinlangan loyiha menejeri va boshqa mas’ullarga 20 milliard dollarlik loyihalar va 50 ming ish o‘rnini qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.

Qashqadaryo sanoatida yirik korxonalar atrofida kooperatsiya zanjirlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yil yakunigacha G‘uzor, Sho‘rtan, Muborak, Dehqonobod va Nishonda oltita sanoat klasteri tashkil etish, Sho‘rtan, Muborak, Yakkabog‘ va Kosonda «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasi filiallarini ochish vazifasi qo‘yildi. Infratuzilma uchun dastlab 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Xitoyning «FM World» korxonasida yig‘ilayotgan zamonaviy traktor va qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, mazkur korxonada agrodronlar ishlab chiqarish loyihalarini boshlash belgilandi.

Prezident o‘tgan hafta energetika sohasidagi yirik investorlarning tashabbuslarini birma-bir eshitganini qayd etdi. «Masdar» kompaniyasi kelasi yil Qashqadaryoda 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va 75 megavattli energiya saqlash quvvatini ishga tushiradi. Ushbu loyiha qiymati 250 million dollar.

Qarshi tumanida xitoylik hamkor ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi olish bo‘yicha 45 megavattli loyiha yakunlanmoqda. Elektr tarmoqlarini mustahkamlash uchun Nishon va Ko‘kdalada ikkita yirik podstansiya qurilishiga 70 million dollar jalb qilinadi. Ularni kelasi yil ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tolimarjon – So‘g‘diyona yo‘nalishidagi 245 kilometr yangi elektr tarmog‘iga 150 million dollar ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu loyihani kelasi yil yakunlash topshirildi.

Qashqadaryo qishloq xo‘jaligining o‘zidan qo‘shimcha 200 ming kishini daromadli qilish imkoniyati bor. Shu maqsadda Jahon banki bilan Misr tajribasi asosida sakkizta tumandagi 100 ming gektar yaylovga dronlar yordamida qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli chorva ozuqasi ekish boshlanadi.

Bu ishlar Nishon, G‘uzor, Muborak, Ko‘kdala, Koson, Mirishkor, Qamashi va Dehqonobodda olib boriladi. Mazkur tumanlarda 10 ming boshdan yirik va 50 ming boshdan mayda shoxli chorva komplekslarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Import qilingan chorvani aholiga sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi.

G‘uzor tumanida 10 ming gektar yer foydalanishga kiritiladi. Yerning yarmida paxta, qolgan qismida ozuqa ekinlari yetishtiriladi. Yerlar dehqonlarga berilib, klaster tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yerlarni xo‘jalik aylanmasiga kiritish uchun bir haftada imtiyozlar paketini ishlab chiqish topshirildi.
Kosmik ma’lumotlar asosida Qashqadaryoda foydalanishga kiritish mumkin bo‘lgan yana 30 ming gektar yer aniqlangani aytildi. Uning eng katta qismi Muborak, Koson va Ko‘kdalaga to‘g‘ri keladi. Nishon, Qamashi, Qarshi, Mirishkor, G‘uzor, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi va Shahrisabzda ham qo‘shimcha maydonlar o‘zlashtiriladi. Bu ishga Misrdan o‘n nafar doimiy maslahatchi jalb etiladi.

Prezident viloyatda ekin maydonlariga suv yetkazish murakkab va qimmatga tushayotganiga e’tibor qaratdi.
Kelasi yil 265 kilometr kanal betonlashtiriladi, 20 ta nasos yangilanadi. Bu ishlarga 550 milliard so‘m ajratiladi. 2027-yilda fermerlar bilan birga 75 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.

Bu yil Koson, Nishon, Qamashi va Mirishkorda sig‘imi 50 ming kub metrdan bo‘lgan to‘rtta kichik suv hovuzi qurildi. Mazkur tajriba kengaytirilib, 1-iyungacha Koson, Nishon, Mirishkor, Qamashi va Yakkabog‘ning har birida yana ikkitadan shunday hovuz barpo qilinadi.

Davlat rahbari Qashqadaryo uchun eng dolzarb masalalardan biri aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi. Joriy yil ajratilgan 1 trillion so‘m hisobidan 747 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i hamda 43 ta inshoot qurilishini ikki oyda yakunlash topshirildi. Natijada 200 ming aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.

Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumaniga tarmoq tortish loyihasini boshlash uchun 100 milliard so‘m ajratildi. Yana 210 million dollar jalb etib, loyihani sifatli amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 350 ming aholi toza suv bilan ta’minlanadi.

Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanidagi yana 700 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Tolimarjon – Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanmoqda. Uning texnik-iqtisodiy asoslarini 1-aprelgacha yakunlash va loyihaga 150 million dollar jalb etish rejalashtirilgan.

Qashqadaryoda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi. Osiyo taraqqiyot banki bilan A-380 avtomobil yo‘lining viloyatdan o‘tuvchi 100 kilometr qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi. Loyiha qiymati 350 million dollar.

Qarshi shahrining aylanma yo‘li 5,5 kilometrga uzaytirilib, mazkur magistralga ulanadi. Mas’ullarga texnik-iqtisodiy asoslarni shu yil yakunlab, yanvardan qurilishga kirishish topshirildi.

«Qarshi – Pomuq» va «G‘uzor – Beynau» yo‘llaridagi temiryo‘l kesishmalarida poyezd o‘tayotgan vaqtda katta tirbandlik yuzaga kelmoqda. Bu joylarda qiymati 250 milliard so‘m bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘l o‘tkazgich quriladi.

Yig‘ilishda Qamashi tumanidagi Chim mahallasi zamonaviy mahalla qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib bergani aytildi. U yerda 640 o‘rinli maktab, 240 o‘rinli bog‘cha qurilgan, oilaviy poliklinika jihozlangan. Yangi mahalla binosi, yoshlar markazi, sport majmuasi va istirohat bog‘i barpo etilgan.

Eng muhimi, mahallada kambag‘al oila ham, ishsiz aholi ham qolmagani ta’kidlandi. Prezident kelgusi yil Mustaqillik bayramigacha ushbu tajriba asosida har bir tumanda ikkitadan zamonaviy mahalla markazini tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

Mirishkor tumanida ham Chim tajribasi qo‘llanadi. Bu yerda 20 gektarda limonchilik issiqxonalari, yana 30 gektarda intensiv baliqchilik xo‘jaligi va 50 gektarda bodom bog‘i tashkil etiladi.

Bahorda ijaraga berilgan yerlarning 8 ming gektarida intensiv bog‘lar, 3 ming gektarida issiqxonalar barpo etiladi. Qolgan 11 ming gektarda kooperatsiya asosida yuqori daromadli ekinlar yetishtiriladi. Mutasaddilarga har bir tumanda bu ishlarni boshlash topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda tadbirkor va yozuvchilar taqdirlangani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid