Logo

Tungi avtobuslar, yo‘l haqi va bekatlar: vazirlik nima dedi?

Bugun 19:552 daqiqa

Toshkentda yo‘l haqi nega 47 foizga oshdi? Avtobuslar orasidagi intervallar qachon qisqaradi va tungi avtobuslar qachon qatnay boshlaydi? Transport vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoat transporti bilan bog‘liq muammo va e’tirozlarga izoh berilib, sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

16-oktabr kuni Transport vazirligi tomonidan jamoat transportini rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda sohadagi so‘nggi besh yillik ishlar sarhisob qilinib, Toshkent va hududlarda jamoat transporti faoliyatini yaxshilash, yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, Toshkent viloyatidan poytaxtga qatnovchilar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish, avtobuslar oralig‘idagi intervallarni qisqartirish, metro va elektr poyezdlar faoliyatini rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, hududlar kesimida tariflarni belgilash, bekatlar infratuzilmasini yaxshilash va jamoat transporti qatnovlarini tashkil etish bilan bog‘liq savollarga javob berildi.

Vaqt.uz muxbiri anjumanda yo‘l haqining 47 foizga oshirilishi va bu o‘zgarishning jamoat transportini moliyalashtirishga ta’siri haqida savol berdi. Xususan, yo‘l haqi oshirilganidan keyin davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar kamayadimi, degan masala ko‘tarildi. Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov amaldagi tizimda tashuvchilarga bosib o‘tilgan kilometr va ko‘rsatilgan xizmat uchun haq to‘lanishini, xarajatlarning yetishmagan qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishini ma’lum qildi.

Anjumanda naqd to‘lov tizimining bekor qilinishi, haydovchilar uchun kunlik reja amaliyotidan voz kechilishi, ATTO tizimidagi kunlik, oylik va yillik tariflar ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan jarimalar, avtobus haydovchilarining muomalasi, avtobuslar orasidagi uzoq intervallar va kechki reyslar bilan bog‘liq muammolar yuzasidan savollar berildi.

Jurnalistlar tungi avtobuslar qachon ishga tushirilishi, Samarqanddagi avtobus bekatlari holati hamda metroda panduslar bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratdi. Mutasaddilar jamoat transportdan foydalanish qulayligini oshirish va yo‘lovchilarni qiynayotgan muammolar yuzasidan fikr bildirdi.

Matbuot anjumanida ko‘tarilgan barcha mavzular, jurnalistlarning savollari va mutasaddilarning javoblarini quyidagi to‘liq videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 219

Barchasi

Mavzuga oid