Rossiya, KXDR, XXR va Eron «harbiy o‘qi» shakllanmadi — SIPRI
18.06.2025 | 09:205 daqiqa
SIPRI hisobotida Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy ittifoq haqidagi taxminlar ortiqcha deb baholandi. Hisobot global yadro quroli soni o‘sishini qayd etadi.

Stokholm Xalqaro tinchlikni o‘rganish instituti (SIPRI)ning 2025 yil yanvar holatidagi hisobotiga ko‘ra, Rossiya, XXR, Eron va KXDR o‘rtasida harbiy «o‘q» hali to‘liq shakllanmagan. Holbuki, ular o‘rtasidagi geosiyosiy yaqinlashuv va qurol yetkazib berish holatlari qayd etilgan.
SIPRI tahlilchilari Rossiyaga Eron va Shimoliy Koreyadan qurol yetkazilishi, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik fonida «harbiy o‘q» bo‘lishi ehtimoli haqidagi fikrlarni mubolag‘a deb baholamoqda. Shunga qaramay, ular AQSH prezidenti Donald Tramp siyosati ushbu davlatlarni yaqinlashuvga majbur qilishi mumkinligini ta’kidlashadi. Ayni paytda, Trampning dunyoda «ta’sir doiralari»ni qayta taqsimlashga urinishi xalqaro barqarorlikka tahdid tug‘dirishi mumkin.
Yadroviy qurol bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya va AQSH dunyodagi umumiy yadroviy kallaklarning 90 foizini egallamoqda. Ilgari ulardagi eski jangovar kallaklarni demontaj qilish tufayli umumiy yadro arsenali qisqargandi. Ammo Xitoy yadro qurollarini eng tez sur’atda ko‘paytirmoqda — 2023 yildan boshlab har yili 100 ta yangi kallak qo‘shilmoqda. Bu sur’at saqlanib qolsa, Xitoy 2035 yilgacha 1500 ta yadroviy kallakka ega bo‘lishi mumkin.
Bu tendensiya NATOga a’zo davlatlar va ularning ittifoqchilari bilan Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi yadro paritetini o‘zgartirishi mumkin. Hozirda NATO va uning ittifoqchilarida (AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va Isroil) jami 5933 ta jangovar kallak mavjud bo‘lsa, Rossiya, Xitoy va KXDRda 6230 ta kallak bor.
Jahondagi 9 ta yadroviy davlat — AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil — 2024 yilda modernizatsiya dasturlarini yanada jadallashtirgan.
Avvalroq 2025 yil boshida dunyoda jami 12 ming 241 ta yadroviy kallak mavjud bo‘lib, ularning 9614 tasi harbiy omborlarda saqlanayotgani xabar qilingan edi. Ulardan 2100 tasi ballistik raketalarga joylashtirilgan holda doimiy shay holatda turibdi.
Agar yangi kuchlar nazorati kelishuvi qabul qilinmasa, 2026 yilda amaldagi SNV-3 shartnomasi tugaganidan so‘ng yadro qurollarining joylashuvi yana ortishi mumkin. SIPRI mutaxassisi Xans M. Kristensen ta’kidlashicha, sovuq urushdan so‘nggi yadro qurollarini qisqartirish davri yakunlanmoqda va yadroviy ritorika kuchayib, nazorat mexanizmlari inkor etilmoqda.





