
Rossiyada imtiyozli ipotekada «so‘nggi vagon» effekti kuchaydi
2025 yil dekabrida rossiyaliklar imtiyozli ipotekaga nisbatan cheklovlar kuchga kirishidan oldin uni qo‘lga kiritishga o‘zlarini urishdi. Natijada, uy-joy kreditlari hajmi keskin o‘sdi.

2025 yil dekabrida Rossiyada imtiyozli ipotekaga bo‘lgan talab keskin oshdi. Banklar bir oy ichida jami 735 mlrd rubllik ipoteka kreditlarini rasmiylashtirdi. Bu ko‘rsatkich noyabr oyiga nisbatan 48 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 2,6 barobarga yuqori. VTB keltirgan bozor ma’lumotlarini RBK nashri e’lon qildi.
Dekabrdagi bunday faollik oxirgi marta 2024 yil iyunida kuzatilgan edi. O‘shanda ommaviy imtiyozli ipoteka dasturi yopilishi oldidan 776,2 mlrd rubllik kredit berilgan. Bu galgi o‘sishga esa oilaviy ipoteka bo‘yicha yangi cheklovlar asosiy turtki bo‘ldi.
2026 yil 1-fevraldan boshlab «bir oila — bir imtiyozli ipoteka» qoidasi kuchga kiradi. Yangi tartibga ko‘ra, bolali oila imtiyozli stavkada uy-joy kreditini faqat bir marta olishi mumkin bo‘ladi. Er-xotin bunday kreditda faqat birgalikda qarzdor sifatida qatnashadi. Ilgari esa turmush o‘rtoqlar imtiyozli ipotekani alohida-alohida olish imkoniyatiga ega edi.
Bank mutaxassislari bu holatni «ipotekaning dedlayni» effekti deb baholamoqda. Odamlar shartlar og‘irlashishidan qo‘rqib, qarorni kechiktirmasdan qabul qilmoqda. Ayrim banklar yanvar oyidan boshlab boshlang‘ich to‘lov va qarz oluvchilarning daromad talablarini oshirishi mumkinligini ochiq aytmoqda.
Bu jarayon fondida mijozlar shikoyatlari ham ko‘paygan. Maxsus platformalarda ipoteka bo‘yicha salbiy fikrlar soni keskin o‘sgan, ayniqsa bitimlar muddatining cho‘zilishi haqidagi murojaatlar ko‘p. Ko‘pchilik qarz oluvchilar qoidalar o‘zgarishidan oldin kreditni rasmiylashtirishga ulgurishga harakat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yuqori talab 1-fevralgacha saqlanib qolishi mumkin. Shundan keyin esa ipoteka bozorida sovish boshlanadi, talab kamayadi va kredit olish yanada manzilli hamda cheklangan bo‘ladi. Bu esa qurilish sohasiga ham bosim o‘tkazishi mumkin.





