Logo

Samarqandda «IMKON» ko‘p tarmoqli reabilitatsiya va maktabgacha ta’lim markazi ochildi

Bugun 21:572 daqiqa

Ushbu markazda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya uyg‘unlashtiriladi.

Samarqandda «IMKON» ko‘p tarmoqli reabilitatsiya va maktabgacha ta’lim markazi ochildi

Samarqand shahrida «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida» xalqaro sammiti doirasida «IMKON» ko‘p tarmoqli reabilitatsiya va maktabgacha ta’lim markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi ushbu markazda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya uyg‘unlashtiriladi. Har bir bola uchun dastur uning individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda tuziladi. Ota-onalar bolasi egallagan ko‘nikmalarni uyda mustahkamlash uchun mutaxassislardan tavsiyalar olishi mumkin.

Maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruhni o‘z ichiga oladi. Ambulator bo‘limda esa 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan oyiga 100 nafarga yaqin bola reabilitatsiya kurslaridan o‘tishi mumkin.

Markazda davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashg‘ulotlari, fizioterapiya va boshqa muolajalar o‘tkaziladi. Bu yerda yetti yo‘nalishdagi shifokorlar, defektolog pedagoglar, logopedlar, psixologlar, reabilitatsiya mutaxassislari va boshqa xodimlar faoliyat yuritadi.

Samarqanddagi markaz Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshondagi muassasalarni ham o‘z ichiga olgan «IMKON» tarmog‘ining yangi bo‘g‘iniga aylandi. 2025 yilda tarmoq muassasalarida 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulot o‘tkazilib, 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan o‘tgan.

Tarmoqni kengaytirish davom etmoqda: Farg‘onada markaz qurilishi boshlangan, Namanganda va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham shunday muassasalar barpo etish rejalashtirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid