Shavkat Mirziyoyev Daniya Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Muloqotda savdo, investitsiya va diplomatik aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
© Foto: president.uzBugun, 2-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Daniya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussenni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Daniya munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘tgan yili Daniyaga O‘zbekistonning qarorgohi Stokgolm shahrida bo‘lgan ilk elchisi tayinlangan. Joriy yilda Daniya Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini tayinlagan.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb besh barobar oshgan. Daniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda tog‘-kon, kimyo va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, Daniya investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va nou-xaularini energetika, farmatsevtika, transport va logistika, agrosanoat majmui hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga jalb etish muhimligi ta’kidlangan.
Ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida aloqalarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etilgan.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish uchun institutsional va shartnomaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.





