SSSRda tug‘ilgan milliarder soliqqa qarshi kurash uchun 102 mln dollar sarfladi
Uning hozirgi boyligi qariyb 260 mlrd dollarni tashkil qiladi. Agar yangi soliq unga ham tatbiq etilsa, u taxminan 13 mlrd dollar soliq to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
© ReutersGoogle asoschilaridan biri Sergey Brin Kaliforniyada milliarderlarning boyligiga bir martalik soliq joriy etilishiga qarshi chiqayotgan «Building a Better California» tashkilotiga jami 102 mln dollar xayriya qildi. Bu haqda «Fortune» yozdi.
Nashr hisob-kitobiga ko‘ra, Brinning hozirgi boyligi qariyb 260 mlrd dollarni tashkil qiladi. Agar yangi soliq unga ham tatbiq etilsa, u taxminan 13 mlrd dollar soliq to‘lashi kerak bo‘lishi mumkin. Biroq Brin bu soliqdan qochish uchun Kaliforniyani undan oldinroq tark etgan bo‘lishi mumkin. AQSH OAVlariga ko‘ra, u 2026-yil 1-yanvargacha Nevada shtatiga ko‘chib o‘tgan.
Sababi, Kaliforniyada taklif qilinayotgan 40-sonli Proposition’ga ko‘ra, yangi soliq faqat 2026-yil 1-yanvar kuni Kaliforniya rezidenti bo‘lgan milliarderlarga tegishli bo‘ladi.

Shu sababli nashr keltirgan 13 mlrd dollar — Brinning hozirgi boyligi asosida qilingan hisob-kitob. Ya’ni, agar uning boyligi 260 mlrd dollar deb olinsa va unga 5 foizlik soliq qo‘llansa, summa taxminan 13 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Ammo shtatdan ko‘chib ketgan milliarderlar ham soliqdan butunlay qutulib qolmasligi mumkin. «Financial Times»ning yozishicha, Kaliforniya soliq idoralari odamning shtat bilan amaldagi aloqalarini ham tekshirishi mumkin. Masalan, u shtatda qancha vaqt bo‘lishi, u yerda uyi yoki boshqa manfaatlari bor-yo‘qligi hisobga olinadi.
Agar Brin baribir 13 mlrd dollar soliq to‘lashi kerak bo‘lib qolsa, uning soliqqa qarshi siyosiy kampaniyaga bergan 102 mln dollari bu summaning 0,8 foizidan ham kam bo‘ladi.
Kaliforniyada milliarderlar uchun 5 foizlik soliq joriy qilinishi mumkin
40-sonli Proposition 2026-yil 3-noyabr kuni Kaliforniyada ovozga qo‘yiladi. Taklifga ko‘ra, boyligi 1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan shaxslarga tegishli aktivlarning ayrim turlariga bir martalik, 5 foizgacha bo‘lgan soliq joriy qilinadi. Bunda ko‘chmas mulk va ayrim pensiya mablag‘lari soliq hisob-kitobiga kiritilmaydi.
Yig‘ilgan mablag‘ning 90 foizi sog‘liqni saqlash tizimiga, qolgan 10 foizi esa oziq-ovqat yordami, ta’lim va soliqni boshqarish xarajatlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kaliforniya qonunchilik organining tahliliga ko‘ra, bu soliq shtat budjetiga bir necha yil davomida o‘nlab milliard dollar daromad keltirishi mumkin. Biroq soliqni joriy etishga qarshi bo‘lganlar kampaniyaga tarafdorlardan ancha ko‘p mablag‘ yig‘gan.
«Fortune» ma’lumotiga ko‘ra, soliqqa qarshi kampaniyaga 187 mln dollardan ortiq, uni qo‘llab-quvvatlovchilar esa taxminan 32 mln dollar mablag‘ to‘plagan.
Sergey Brin soliqqa qarshi eng katta shaxsiy donor bo‘lgan. Kaliforniyaning siyosiy kampaniyalarni moliyalashtirish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Brinning 2026-yildagi jami siyosiy xayriyalari 106 mln dollarga yaqinlashgan.
Brin taklif qilinayotgan soliqni Sovet Ittifoqidagi tizim bilan taqqoslagan:
«1979-yilda oilam bilan sotsializmdan qochib kelganman va Sovet Ittifoqida uning qanday vayronkor va repressiv jamiyat yaratganini bilaman», — degan u.
Sergey Brin Moskvada tug‘ilgan. U olti yoshida oilasi bilan AQSHga ko‘chib ketgan. Kaliforniya qonunchilik organining tahlilida yana bir ehtimol ham keltirilgan: agar milliarderlarning bir qismi shtatni tark etsa, Kaliforniya har yili taxminan 1 mlrd dollargacha daromad solig‘i tushumidan ayrilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliarderlar Britaniyadan chiqib ketayotgani, London nega boylarni yo‘qotayotgani haqida yozgan edik. Ketganlarning boyligi 160 mlrd dollarga baholanmoqda.





