Tailand mamlakatdan chiqib ketuvchi sayyohlar uchun soliq joriy etishni ko‘rib chiqmoqda
Agar yangi qonun loyihasi tasdiqlansa, mamlakatdan uchib ketayotgan barcha yo‘lovchilar, jumladan, o‘zbekistonlik sayyohlar ham aviachipta narxiga qo‘shimcha tarzda haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Tailand hukumati mamlakatdan havo orqali chiqib ketuvchi barcha yo‘lovchilar, jumladan xorijliklar uchun yangi soliq joriy etishni rejalashtirmoqda. Hozircha bu faqat qonun loyihasi bo‘lib, jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda.
Tailand Moliya vazirligi huzuridagi Daromadlar departamenti «Chiqish solig‘i to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi. Taklifga ko‘ra, mamlakatdan samolyotda chiqib ketayotgan har bir yo‘lovchidan 1 000 tayland bati (taxminan $29,75) undirilishi mumkin.
Yangi soliq yo‘lovchining fuqaroligidan qat’i nazar qo‘llanadi. Biroq qonun loyihasida ayrim toifadagi shaxslar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan.
Soliq miqdori 5 000 batgacha oshirilishi mumkin
Qonun loyihasiga ko‘ra, dastlab havo transporti orqali mamlakatdan chiqish uchun 1 000 bat miqdorida soliq belgilanadi. Shu bilan birga, kelgusida soliq stavkasini vazirlik qarori bilan o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Uning yuqori chegarasi 5 000 bat (taxminan $148,75) etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Dastlabki bosqichda quruqlik va dengiz orqali mamlakatdan chiqib ketuvchilardan ushbu soliq undirilmaydi.
Taklif 1983 yilda qabul qilingan, ammo hozir amalda undirilmayotgan chiqish solig‘i tizimini yangilashni nazarda tutadi.
Soliqni aviakompaniyalar undirishi mumkin
Taklif qabul qilinsa, yo‘lovchilar soliqni Tailanddan chiqib ketishidan oldin to‘lashi kerak bo‘ladi. Odatda mablag‘ aviachipta narxi bilan bir vaqtda aviakompaniya yoki bilet sotuvchi agent tomonidan undiriladi.
Yangi tartib aviakompaniyalar, bilet agentliklari, aeroport operatorlari va xalqaro qatnovlar bilan bog‘liq ayrim davlat tashkilotlariga ham qo‘shimcha majburiyatlar yuklaydi.
Kimlar soliqdan ozod qilinishi mumkin?
Qonun loyihasida bir qator istisnolar bor. Jumladan, 2 yoshga to‘lmagan bolalar, xorijiy davlat rahbarlari, rasmiy davlat mehmonlari, ayrim xalqaro tashkilotlar inspeksiya guruhlari va xizmat vazifasini bajarayotgan ekipaj a’zolari soliqdan ozod qilinishi mumkin.
Tranzit yo‘lovchilarning ham belgilangan tranzit hududidan chiqmaydigan qismi uchun soliq qo‘llanilmaydi.
Hozircha soliq joriy etilgani yo‘q
Tailand Daromadlar departamenti qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik fikrini 29-oktabrga qadar qabul qilmoqda. Agar hujjat qabul qilinsa, qonun Tailand Hukumat gazetasida e’lon qilinganidan 180 kun o‘tib kuchga kirishi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun kuchga kirishidan oldin sotib olingan aviachiptalar bo‘yicha yo‘lovchilarga yangi soliq tatbiq etilmasligi rejalashtirilgan.





