Logo

Talabalar maoshining 50 foizini davlat qoplab berishi mumkin

Bugun 20:042 daqiqa

Talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona va amortizatsiya imtiyozlari berish taklif qilinmoqda.

Talabalar maoshining 50 foizini davlat qoplab berishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda talabalarni amaliyotga olib, ularga maosh to‘lagan korxonalar xarajatining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, biznes vakillariga bojxona va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar taqdim etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish yuzasidan qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda aytilishicha, iqtisodiyot tarmoqlariga ish jarayonini biladigan, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar zarur bo‘lib, buning uchun nazariya va amaliyotni bog‘lashning yangi iqtisodiy mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, yangi modelda talabalarni amaliyotga qabul qilgan, ular uchun o‘qish sharoitini yaratgan va keyinchalik ishga joylagan korxonalar iqtisodiy rag‘batlantiriladi. Xususan, talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona va amortizatsiya imtiyozlari berish, shuningdek, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar (ustunlik) qo‘llash taklif qilinmoqda.

Ta’kidlanishicha, bundan uch oy avval 10 nafar rektor Germaniyaga dual ta’lim tizimini o‘rganish uchun yuborilgan edi (ushbu davlatda bitiruvchilarning 70-75 foizi amaliyot o‘tagan joyida ishlab qoladi).

Endilikda ushbu rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilib, dual ta’lim bo‘yicha aniq strategiya ishlab chiqadi. Asosiy maqsad – 3 va 4-bosqich talabalarining kamida 80 foizini, ya’ni 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish. Bu jarayonlar inson omilini kamaytirgan holda faqat raqamli platforma orqali amalga oshiriladi.

Teglar