Logo

Tashqi reklama uchun elektr to‘lovidagi uch karra tarifni bekor qilish taklif etildi

Bugun 20:062 daqiqa

Biznes-ombudsman elektr energiyasi uchun to‘lov tartibiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Tashqi reklama uchun elektr to‘lovidagi uch karra tarifni bekor qilish taklif etildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Biznes-ombudsman elektr energiyasi uchun to‘lov tartibiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Loyihaga ko‘ra, tashqi reklama va axborot obyektlari uchun sarflangan elektr energiyasini uch karra oshiruvchi koeffitsiyent bilan hisoblash tartibini bekor qilib, standart to‘lovga o‘tish taklif etilmoqda.

Uch karralik tarif bekor qilinadi

Amaldagi qoidalarga ko‘ra, yoritish moslamalari, girlyandalar, tashqi reklama konstruksiyalari, videoekranlar, elektron displeylar, mediafasadlar va boshqa texnik vositalar uchun elektr energiyasi II tarif guruhi bo‘yicha uch karra oshiruvchi koeffitsiyent bilan hisoblanadi.

Biznes-ombudsman majburiy yoritish moslamalari va belgilari hamda peshlavhalarning energiya iste’moli uchun qo‘llanilayotgan ushbu normani qoidalardan chiqarib tashlashni taklif qilmoqda. Bu holda tashqi reklama obyektlari uchun elektr energiyasi oddiy tartibda to‘lanadi.

Jarima qo‘llashdan oldin imkoniyat beriladi

Qaror loyihasi bilan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarlik holatlarini tadbirkorlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyati yaratilmoqda. Endi vakolatli organ moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin xo‘jalik yurituvchi subyektga qoidabuzarlikni bartaraf etish va yetkazilgan zararni to‘liq qoplash uchun o‘n ish kunidan kam bo‘lmagan muddatga yozma ko‘rsatma berishi kerak bo‘ladi.

Loyihada belgilanishicha: «Xo‘jalik yurituvchi subyekt ko‘rsatmani belgilangan muddatda to‘liq bajargan, huquqbuzarlikni bartaraf etgan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplagan taqdirda, unga nisbatan moliyaviy sanksiya qo‘llanilmaydi».

Ko‘rsatma belgilangan muddatda bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirdagina vakolatli organ besh ish kuni ichida moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Kadastr pasportini olish raqamlashtiriladi

Shuningdek, texnogen xavfi yuqori bo‘lgan zonalar kadastr pasportini olish tartibi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali yuboriladi. Qog‘oz shaklda hujjat taqdim etish talab qilinmaydi.

Vakolatli organ arizani o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqib, kadastr pasportini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Davlat organlarida mavjud bo‘lgan hujjat va ma’lumotlarni ariza beruvchidan talab qilish taqiqlanadi — ular idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi.

regulation.adliya.uz portaliga joylashtirilgan mazkur hujjat loyihasi muhokamasi 14-oktabrga qadar davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid