Toshkent aeroportida mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi to‘xtatildi
Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu qaror IMEI-kodlarni soxtalashtirish va noqonuniy sxemalarning oldini olish maqsadida qabul qilingan.
© SI asosida yaratilganToshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda 6-noyabrdan boshlab O‘zbekiston aeroportlarida xorijdan olib kirilayotgan qimmatbaho smartfonlar (xususan, iPhone) va ularning IMEI-kodlari nazorati kuchaytirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, qiymati 1 000 dollardan yuqori bo‘lgan telefonlar qo‘shimcha ekspertizaga yuborilib, bu jarayon 30 kungacha davom etishi mumkin. Biroq ba’zi xabarlarga ko‘ra, 450 dollar (yoki undan ko‘proq) miqdorida to‘lov evaziga ushbu ekspertizani bir kunda tezkor yakunlash taklif qilinmoqda. Bu mish-mishlar fonida Toshkentdagi "Malika" bozorida iPhone 18 Pro Max narxi 10,6 foizga (1700 dollardan 1880 dollargacha) ko‘tarilib ketgan.
Bojxona qo‘mitasi rasmiy bayonotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish, shuningdek, bir qurilma ma’lumotlarini boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish uchun ishlatish kabi murakkab qonunbuzilish sxemalari orqali bojsiz olib kirish me’yoridan foydalanishga bo‘lgan urinishlar ko‘paymoqda.
Raqamlarga ko‘ra, joriy yil boshidan «Toshkent-AERO» IBK tomonidan jami 185 ta holatda qiymati 8.8 mlrd so‘mlik 1185 dona uyali aloqa vositalari noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini tekshirish, xususan, IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegishli ekanini hamda ushbu kodlar bo‘yicha avval tarmoq hodisasi sodir bo‘lganini aniqlash maxsus bilim va ixtisoslik talab qiladi.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi ularning IMEI identifikatorlarini aniqlash va qonuniy olib kirilganligini tasdiqlash bilan bog‘liq ayrim masalalarga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.
Mazkur yo‘nalishda yuzaga kelgan masalalarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri va yagona tartibda hal etish, shuningdek, kelgusida qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida tegishli idoralar bilan bu boradagi faoliyatni o‘zaro muvofiqlashtirishga zarurat tug‘ilmoqda.
«Shu sababli, mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini tekshirish va ularni rasmiylashtirish tartiblarini oydinlashtirish bo‘yicha tegishli idoralar bilan hamkorlikda tadbirlar belgilandi va qisqa muddatlarda vaziyatga oydinlik kiritilishi hamda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini belgilangan tartibda davom ettirish imkoniyati yaratilishini ma’lum qilamiz», - deyiladi xabarda.





