Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi

Bugun 13:214 daqiqa

Toshkent viloyatidagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi, ko‘mir va mazut yoqiladigan issiqxonalar qurishga ruxsat berilmaydi. Soliqlar ham yuqori oshirilgan koeffitsiyentlarda hisoblanadi.

Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi © Президент матбуот хизмати

Toshkent shahri va viloyatida joylashgan issiqxona xo‘jaliklari iqlim sharoiti qulay bo‘lgan Surxondaryo viloyatiga bosqichma-bosqich ko‘chirilib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 9-aprel kuni qabul qilingan «Surxondaryo viloyatida issiqxona xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xo‘jaliklarini ko‘chirishdan bo‘shagan yer uchastkalarida ijarachilar tomonidan hududning ixtisosligidan kelib chiqib, intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida faoliyatini davom ettirish yoki «yashil bog‘lar»ni barpo etishga ruxsat beriladi.

Davlat mulki bo‘lgan va tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalaridagi issiqxonalar faoliyati to‘xtatilib, yer uchastkalarida bino va inshootlar qurish (kapital qurilish) ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Toshkent viloyatida ko‘mir yoqadigan issiqxonalarga ruxsat berilmaydi, gaz ham yetkazib berilmaydi

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli yoqilg‘ilardan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi.

Ushbu tumanlarda issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi.

Soliq kodeksiga Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalar egallab turgan yer maydonlari uchun yer solig‘i va ko‘chmas mulk uchun mol-mulk solig‘i stavkalarini amaldagi bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravar (yoki yuqori oshirilgan koeffitsiyentlarda) miqdorida qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritiladi.

«Surxon-Agro»dagi tadbirkorlar uchun yengilliklar

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun qator moliyaviy yengilliklar beriladi. Jumladan, 2028-yil 1-aprelga qadar «Surxon-Agro» zonasi hududiga ko‘chadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming so‘mgacha miqdorda qoplab beriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentabrga qadar «Surxon-Agro» zonasining master rejasini ishlab chiqish, xorijiy investorlarni jalb qilish va issiqxonalarni ko‘chirish bilan bog‘liq subsidiya mexanizmlarini joriy etish vazifalari belgilandi.

Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov zimmasiga yuklatildi.

Nega Surxondaryo?

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, qish oylarida issiqxonada optimal (+18…+22°C) haroratni saqlash uchun ketadigan xarajatlar hududning iqlimiga bevosita bog‘liq. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat +6°C ni tashkil etsa, Termizda bu ko‘rsatkich +10,8°C ga teng. Bu kichik farq isitish xarajatlarida geometrik o‘sishga sabab bo‘ladi. Natijada, Toshkent viloyatida 1 tonna mahsulot yetishtirish tannarxi 11,9 mln so‘m bo‘lsa, Surxondaryoda atigi 4,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Surxondaryoning Termiz va Sherobod hududlari yillik quyosh nuri tushishi bo‘yicha respublikada eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Yuqori insolyatsiya darajasi fotosintez jarayonini tezlashtiradi va sun’iy yoritishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Bu nafaqat energiyani tejaydi, balki o‘simliklarning tezroq o‘sishi va hosildorlikning oshishini ta’minlaydi. Qishning yumshoq kelishi esa isitish tizimlariga bo‘lgan yuklamani kamaytirib, moliyaviy barqarorlikni oshiradi.

Mutaxassislarning fikricha, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirishning eng samarali yo‘lidir. Surxondaryo misoli shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri tanlangan hudud xarajatlarni kamaytirish bilan bir qatorda, yil davomida uzluksiz hosil olish imkonini beradi. Bu esa issiqxona egalari uchun avariyaviy holatlar xavfini kamaytirib, ishlab chiqarish zanjirining mustahkamligini ta’minlaydi.

Issiqxona mahsulotlarining tannarxidagi farq hududlararo iqtisodiy raqobatni belgilab bermoqda. Surxondaryoda yetishtirilgan mahsulot Toshkentdagiga nisbatan 2,5 baravar arzon bo‘lishi, janubiy viloyatning nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham ustunlikka ega ekanini anglatadi. Energiya resurslari narxi ortib borayotgan sharoitda, tabiiy issiqlik va yorug‘likdan foydalanish eng muhim tejamkorlik omiliga aylanmoqda.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyati O‘zbekistonning asosiy «issiqxona habi»ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Teglar

Mavzuga oid