Logo

Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi

Bugun 11:173 daqiqa

Toshkent viloyatida havoni ifloslantirgan ayrim issiqxonalarni demontaj qilish ishlari boshlandi. Ular bosqichma-bosqich «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladi.

Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi © prezident.uz

Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan ayrim issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, kuz-qish mavsumida ayrim issiqxona xo‘jaliklari sun’iy isitish uchun ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilg‘i turlaridan foydalangan. Bu esa atmosfera havosiga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqishiga sabab bo‘lib, atrof-muhit hamda aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shu munosabat bilan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Avval o‘tkazilgan reydlar davomida zararli yoqilg‘idan foydalangan issiqxonalarga nisbatan choralar ko‘rilib, havoni ifloslantirish manbalari bartaraf etilgani qayd etildi.

Ko‘chirish va imtiyozlar

Ekologiya qo‘mitasi ta’kidlashicha, issiqxonalarni iqlimi qulayroq hududlarga ko‘chirish, tadbirkorlarning isitish xarajatlarini qisqartirish hamda aholini yil davomida meva-sabzavot bilan ta’minlash maqsadida prezident qarorlari qabul qilingan.

Aynan shu hujjatlar asosida issiqxonalarni sun’iy isitish tizimlaridan uzish va ularni boshqa hududlarga ko‘chirish ishlari boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining 162-son qaroriga muvofiq, faoliyatini to‘xtatib, Surxondaryo viloyatidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chadigan issiqxona xo‘jaliklari uchun bir qator yengilliklar belgilangan.

Nimalar qoplanadi?

Hujjatga ko‘ra, avval olingan kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi, shundan 3 yilgacha imtiyozli davr beriladi. Shuningdek, ilgari ajratilgan davlat kafolatlari hamda foiz to‘lovlarini qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, 2028 yil 1-aprelgacha «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladigan issiqxonalarning demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish xarajatlari yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha bir martalik tartibda qoplab beriladi. Ayni paytda Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarga ko‘chish shartlari va mavjud imtiyozlar yuzasidan tushuntirish ishlari davom etmoqda.

Nega Surxondaryo?


Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, qish oylarida issiqxonada optimal (+18…+22 daraja) haroratni saqlash uchun ketadigan xarajatlar hududning iqlimiga bevosita bog‘liq. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat +6°C ni tashkil etsa, Termizda bu ko‘rsatkich +10,8°C ga teng. Bu kichik farq isitish xarajatlarida geometrik o‘sishga sabab bo‘ladi. Natijada, Toshkent viloyatida 1 tonna mahsulot yetishtirish tannarxi 11,9 mln so‘m bo‘lsa, Surxondaryoda atigi 4,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Surxondaryoning Termiz va Sherobod hududlari yillik quyosh nuri tushishi bo‘yicha respublikada eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Yuqori insolyatsiya darajasi fotosintez jarayonini tezlashtiradi va sun’iy yoritishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Bu nafaqat energiyani tejaydi, balki o‘simliklarning tezroq o‘sishi va hosildorlikning oshishini ta’minlaydi. Qishning yumshoq kelishi esa isitish tizimlariga bo‘lgan yuklamani kamaytirib, moliyaviy barqarorlikni oshiradi.

Mutaxassislarning fikricha, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirishning eng samarali yo‘lidir. Surxondaryo misoli shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri tanlangan hudud xarajatlarni kamaytirish bilan bir qatorda, yil davomida uzluksiz hosil olish imkonini beradi. Bu esa issiqxona egalari uchun avariyaviy holatlar xavfini kamaytirib, ishlab chiqarish zanjirining mustahkamligini ta’minlaydi.

Issiqxona mahsulotlarining tannarxidagi farq hududlararo iqtisodiy raqobatni belgilab bermoqda. Surxondaryoda yetishtirilgan mahsulot Toshkentdagiga nisbatan 2,5 baravar arzon bo‘lishi, janubiy viloyatning nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham ustunlikka ega ekanini anglatadi. Energiya resurslari narxi ortib borayotgan sharoitda, tabiiy issiqlik va yorug‘likdan foydalanish eng muhim tejamkorlik omiliga aylanmoqda.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyati O‘zbekistonning asosiy «issiqxona habi»ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Teglar

Mavzuga oid