Toshkentda oktabrdan jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshiriladi
Metro va avtobuslarda kartadan to‘lash yoki onlayn to‘lov 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshadi. Naqd to‘lovdagi yo‘lkira esa 3000 so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qoladi.
© vaqt.uz2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqi kartadan to‘lov uchun 1700 so‘mdan 2500 so‘mga, ya’ni 47 foizga oshiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori e’lon qilindi.
Bir soatlik tariflar saqlanadi
Yangi tartibga ko‘ra, elektron to‘lovdan foydalanuvchilar uchun bir soatlik tariflar ham amal qiladi. ATTO kartasi orqali avtobusda to‘lov qilinganidan keyin 60 daqiqa ichida boshqa avtobusga o‘tilsa, ikkinchi qatnov uchun 1500 so‘m to‘lanadi. Shu vaqt ichidagi uchinchi va to‘rtinchi avtobus qatnovlari esa bepul bo‘ladi.
Metrodan 60 daqiqalik tarif doirasida bir marta foydalanish mumkin. Metroga ikkinchi marta kirilganda yangi 60 daqiqalik hisob boshlanadi.
Shuningdek, transport kartalarining kunlik va oylik tariflari ham belgilandi. Avtobus uchun bir kunlik karta 11 ming 500 so‘m, 30 kunlik karta 250 ming so‘m bo‘ladi. Metroda kunlik tarif 13 ming 500 so‘mni tashkil etadi. Metro va avtobusdan muntazam foydalanadigan yo‘lovchining bir oylik yo‘l xarajati 345 ming so‘mgacha chiqadi.
O‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartasi tariflariga 50 foizlik chegirma qo‘llanadi. Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning imtiyozlari esa saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, yo‘lovchi bagajini tashish uchun 4 ming so‘mlik tarif belgilanadi. Barcha tariflar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisobga olingan holda ko‘rsatilgan.
Hududlarda jamoat transporti narxlari qancha?
Toshkentda hozir amal qilayotgan 1 700 so‘mlik elektron yo‘lkira ko‘plab hududlardagidan past edi. Yangi tarif joriy etilgach, poytaxtda elektron to‘lov orqali yo‘l haqi hududlarning aksariyatidagi narxdan yuqori bo‘ladi.
Hududlar | 💳 Elektron to‘lov | 💵 Naqd pulga QR-chipta |
Toshkent shahri | 2 500 so‘m | 3 000 so‘m |
Toshkent viloyati | 2 000 so‘m | 2 600 so‘m |
Namangan viloyati | 2 300 so‘m | 3 000 so‘m |
Farg‘ona viloyati | 2 400 so‘m | 3 000 so‘m |
Andijon viloyati | 2 100 so‘m | 3 000 so‘m |
Samarqand viloyati | 2 000 so‘m | 4 000 so‘m |
Buxoro viloyati | 2 000 so‘m | 3 000 so‘m |
Sirdaryo viloyati | 2 000 so‘m | 3 000 so‘m |
Surxondaryo viloyati | 2 000 so‘m | 3 000 so‘m |
Xorazm viloyati | 2 300 so‘m | 3000 so‘m |
Qoraqalpog‘iston Resp. | 2 000 so‘m | 2 600 so‘m |
Jizzax viloyati | 2 100 so‘m | 3 000 so‘m |
Qashqadaryo viloyati | 1 700 so‘m | 2 500 so‘m |
Navoiy viloyati | 1600 so‘m | 2 000 so‘m |
Hududlarda elektron to‘lov orqali yo‘l haqi asosan 2 000 so‘m atrofida. Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda ham yo‘lovchilar elektron to‘lov uchun 2 000 so‘m to‘laydi.
Ayrim hududlarda esa tarif biroz yuqoriroq. Andijon va Jizzaxda elektron yo‘l haqi 2 100 so‘m, Namangan va Xorazmda 2 300 so‘m, Farg‘onada 2 400 so‘m. Qashqadaryoda 1 700 so‘mlik tarif, Navoiyda esa 1 600 so‘mlik tarif saqlanib qolgan.
QR-chipta orqali yo‘l haqi ko‘pchilik hududlarda 3 000 so‘m. Toshkent viloyati, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bu usulda 2 600 so‘m to‘lanadi. Qashqadaryoda 2 500 so‘m, Samarqandda esa QR-chipta narxi 4 000 so‘m etib belgilangan. Bu boshqa hududlarning aksariyatidagi 3 000 so‘mlik tarifdan 1 000 so‘m yuqori va ro‘yxatdagi eng katta QR-chipta narxi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida ishlayotgan shahar avtobuslarida yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashi shart.
To‘lov transport yoki ijtimoiy karta, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz vositalar orqali amalga oshiriladi. Yo‘lkira o‘z vaqtida to‘lanmasa yoki yo‘lovchi imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz harakatlanayotgan hisoblanadi va jarimaga tortilishi mumkin.





