add

Toshkentda to‘lovsiz va tartibsiz parkovka uchun jarima joriy etish taklif qilindi

21.10.2025 | 08:013452

Toshkent shahar hokimligi, shuningdek, qoidabuzarlarning avtomobillarini vaqtincha saqlash uchun yangi jarima maydonchalari yaratishni rejalashtirmoqda.

Toshkentda to‘lovsiz va tartibsiz parkovka uchun jarima joriy etish taklif qilindi

15 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi Shota Rustaveli ko‘chasida jamoat transporti uchun maxsus ajratilgan tezkor avtobus yo‘lagida (BRT) safar qilganidan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi tomonidan shahar yo‘llaridagi transport harakati va parkovka tizimiga oid taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda Shota Rustaveli ko‘chasi misolida to‘lovsiz va tartibsiz parkovka, shuningdek, shtraf maydonlarining yetishmasligi kabi muammolar ko‘rsatildi. Hokimiyat bu muammolarni hal etish uchun to‘lovsiz parkovka uchun jarima joriy etish va yangi jarima maydonchalarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldashevning ma’lum qilishicha, amaldagi qonunchilikda hozircha to‘lovsiz to‘xtash uchun javobgarlik belgilanmagan. Hozirda faqat «to‘xtash taqiqlangan» belgilariga rioya qilmagan haydovchilar jarimaga tortiladi.

Avgust oyida bloger Kirill Altman Poytaxt Parking operatori maslahatchisi Sergey Marinichevga tayanib, pulli to‘xtash joylarida to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun jarima 2 BHM (824 ming so‘m) etib belgilanishi rejalashtirilayotganini xabar qilgan edi.

Toshkentdagi ilk pulli yo‘l bo‘yi to‘xtash joylari 8 may kuni ishga tushirilgan. Hozirda 6 ta markaziy ko‘chada faoliyat yurituvchi tizim yil yakunigacha 86 ta trassani qamrab olishi va 13 mingdan ziyod to‘xtash joyini o‘z ichiga olishi rejalashtirilgan.

Parkovka uchun to‘lovni Poytaxt Parking mobil ilovasi orqali amalga oshirish mumkin. Ilovani o‘zbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin bo‘lib, u Payme, Click, Uzum Bank, Octobank va Paynet orqali to‘lovni qabul qiladi.

Teglar

Mavzuga oid