Logo

Uzcard aksiyadorlariga yana 334,7 mlrd so‘m dividend to‘laydi

Bugun 15:232 daqiqa

Yangi to‘lov amalga oshirilsa, kompaniyaning 2026 yilda aksiyadorlarga to‘lagan dividendlari kamida 1,37 trln so‘mga yetadi. Bu Uzcard’ning butun boshli 2025 yildagi sof foydasidan ham ko‘p.

Uzcard aksiyadorlariga yana 334,7 mlrd so‘m dividend to‘laydi © sun'iy intelekt

Uzcard to‘lov tizimi operatori — «Yagona umumrespublika protsessing markazi» aksiyadorlarga 334,7 mlrd so‘m dividend to‘laydi. Bu haqdagi qaror 20-avgust kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari aksiyadorlar yig‘ilishida qabul qilindi.

Kompaniya 2026 yilning ikkinchi choragida 707,8 mlrd so‘m sof foyda olgan. Uning 47,3 foizi dividendga yo‘naltiriladi.

Har bir oddiy aksiya uchun dividend miqdori 6 694 so‘m etib belgilangan. To‘lovlar 20-avgustda boshlangan va 18-oktabrgacha yakunlanishi kerak. Dividend 17-avgustda shakllantirilgan aksiyadorlar reyestriga muvofiq to‘lanadi.

Bu Uzcard’ning joriy yildagi ikkinchi yirik dividend qarori. May oyida kompaniya aksiyadorlarga 665 mlrd so‘m to‘lashni ma’qullagandi. Shundan 250 mlrd so‘mi birinchi chorak foydasi, 415 mlrd so‘mi esa oldingi yillarda taqsimlanmay qolgan foyda hisobidan ajratilgan.

Shu tariqa 2026 yilda qabul qilingan ikki qaror bo‘yicha dividendlarning umumiy miqdori 999,7 mlrd so‘mga yetdi. Birinchi yarim yillik foydasidan dividendga yo‘naltirilgan mablag‘ esa 584,7 mlrd so‘mni yoki sof foydaning 51 foizini tashkil qilmoqda.

Uzcard yarim yillikda sof foydasini 84,2 foizga oshirib, 1 trln 145,2 mlrd so‘mga yetkazgan. Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, yanvar—iyun oylarining o‘zida aksiyadorlarga 1 trln 31,8 mlrd so‘m dividend to‘langan. Yangi to‘lov bilan bu ko‘rsatkich kamida 1 trln 366,5 mlrd so‘mga yetishi mumkin.

Uzcard’ning 75 foizi «IMC-Capital» kompaniyasiga, qolgan 25 foizi Kamron Akbarovga tegishli. Shu ulushlardan kelib chiqilsa, yangi dividendning qariyb 251 mlrd so‘mi «IMC-Capital»ga, 83,7 mlrd so‘mi Kamron Akbarovga to‘g‘ri keladi.

Teglar