Xalqaro shaxmat federatsiyasiga yangi prezident saylandi
Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Samarqandda bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi turida 110 ovoz olib, FIDE'ning yangi rahbariga aylandi.
© Michal Walusza / FIDEQozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti etib saylandi. Saylov 26-sentabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida tashkilotning Bosh assambleyasida bo‘lib o‘tdi.
Saylovning ikkinchi turida Turlov 110 ta ovoz oldi. Uning raqibi, germaniyalik tadbirkor Vadim Rozenshteyn esa 85 ta ovoz to‘pladi.
Birinchi turda Turlovni 96 nafar delegat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Rozenshteyn 76 ta ovoz oldi. Germaniyalik yana bir nomzod Yan Xenrik Byuttner 20 ta ovoz to‘plab, keyingi bosqichdagi kurashni tark etdi. Birinchi turda jami 196 nafar delegat ovoz bergan, 4 ta byulleten haqiqiy emas deb topilgan.
WR Chess asoschisi Vadim Rozenshteyn saylovda singapurlik tadbirkor Gordon Tang bilan birgalikda qatnashgan. Uning saylovoldi jamoasi tarkibiga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ham kirgan.
Turlov bilan birgalikda yagona prezidentlik rӯyxati asosida FIDE prezidenti o‘rinbosari etib shaxmat bo‘yicha 15-jahon chempioni Vishvanatan Anand saylandi. Turlov va Anand dastlab saylovda bir jamoa sifatida qatnashgan.
38 yoshli Timur Turlov FIDE tarixida saylangan eng yosh prezidentlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. U 2023 yildan buyon Qozog‘iston shaxmat federatsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda. Shuningdek, Turlov xalqaro moliyaviy guruh Freedom Holding Corp. asoschisi va bosh direktori, Xalqaro maktab shaxmati federatsiyasi rahbari hisoblanadi.
Turlov FIDE prezidenti lavozimida 2018 yildan buyon federatsiyani boshqarib kelgan Arkadiy Dvorkovichning o‘rnini egalladi. Dvorkovich 2022 yilda ikkinchi muddatga qayta saylangan, uningikkinchi muddatidagi o‘rinbosari esa Vishvanatan Anand bo‘lgan.
Iyul oyida Dvorkovich Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng prezidentlik vakolatlarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgan. U Yevropa Ittifoqining qarorini «qonunga xilof va adolatsiz» deb atab, uni bahslashish niyatida ekanini bildirgan. Shu bilan birga, sanksiyalar FIDE faoliyatining barqarorligiga xalaqit berishi mumkinligini sabab qilib, lavozimidan vaqtincha chetlagan.
Shundan so‘ng prezident vazifalarini Anand bajargan.
Dvorkovich 2026 yilgi saylovlarda nomzodini ilgari surmagan. Turlov avval uning jamoasida bo‘lgan, biroq Dvorkovich nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilganidan keyin Anand bilan birgalikda o‘zining prezidentlik ro‘yxatini shakllantirgan.



