Xorijga ishga yuborish xizmatlari uchun to‘lov qilib ketolmaganlarga pullari qaytariladi
Migratsiya agentligi xorijga ishga yuborish xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirgan, biroq xorijiy ish beruvchi tomonidan yuzaga kelgan ayrim tashkiliy yoki boshqa holatlar tufayli ishga jo‘nab ketmagan fuqarolarga to‘langan mablag‘lar qaytarilishini ma’lum qildi.
© Илья Семендеев / SpotO‘zbekistonda xorijga ishga jo‘nash uchun to‘lov qilib, tashkiliy yoki boshqa sabablarga ko‘ra ketolmagan fuqarolarga mablag‘lari qaytariladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2023–2024 yillarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga, 2025 yilda esa Migratsiya agentligiga xorijda ishlash xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirib, biroq jo‘nab ketmagan shaxslar pullarini qaytarib olish huquqiga ega. Qaytarish ish beruvchi tomonida yuzaga kelgan tashkiliy yoki boshqa holatlar tufayli ishga jo‘nash imkoni bo‘lmagan holatlarga tatbiq etiladi.
Jarayon to‘liq raqamli shaklda amalga oshiriladi. Arizalar 2026 yil 20-martgacha qabul qilinadi. Fuqarolar belgilangan «xorijda ish» onlayn platformasi orqali ariza topshiradi. Bunda hisob yaratish, rejalashtirilgan ish mamlakati va to‘lov qilingan yilni tanlash talab etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, to‘lovni qaytarish oynasi orqali zarur ma’lumotlar kiritiladi. Ariza beruvchi faol telefon raqami, to‘langan aniq summa va imkoni bo‘lsa, to‘lov kvitansiyasini yuklaydi.
Bank rekvizitlarini to‘g‘ri kiritish muhim hisoblanadi, chunki mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri plastik kartaga o‘tkaziladi.
Barcha ma’lumotlar yuborilgandan so‘ng, telefonga tasdiqlovchi SMS xabar yuboriladi.
Migratsiya agentligi ma’lumotlarni tekshirib, tasdiqlangan holatda pullarni ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkazadi.





