Yangi Toshkentga ko‘chirilayotgan vazirliklarning 11 ta binosi savdoga chiqarildi
Ularning boshlang‘ich narxlari 1,1 mlrd so‘mdan boshlanadi, shuningdek, 20 tasi bo‘yicha sotuvoldi ishlari olib borilmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaVazirliklar, idoralar va ularning tizimidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga ko‘chirish doirasida poytaxtdagi davlat ko‘chmas mulklari realizatsiya qilinmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qilishicha, hozirga qadar 7 ta obyekt yangi mulkdorlarga o‘tgan. Yana 11 ta obyekt 1 095,8 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxda savdoga chiqarilgan.
Bo‘ndan tashqari, 20 ta obyekt bo‘yicha sotuvoldi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga tegishli binolar bo‘yicha savdolar davom etmoqda.
83 ta obyekt realizatsiya qilinadi
Mazkur jarayon Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7-martdagi 146-son qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga ko‘chirish, bu yerda jami 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotni joylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ularga tegishli 83 ta ko‘chmas mulk obyektini ochiq savdolarda, jumladan, ijara huquqi asosida realizatsiya qilish belgilangan.
Shu tariqa, realizatsiya qilinishi belgilangan 83 ta obyektning 38 tasi bo‘yicha savdo yoki tayyorgarlik jarayoni boshlangan: 7 ta bino sotilgan, 11 tasi savdoga chiqarilgan va 20 tasi bo‘yicha sotuvoldi ishlari olib borilmoqda.
Obyektlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar Yangi Toshkentdagi ma’muriy infratuzilmani barpo etishga yo‘naltiriladi.





