Logo

Yevropa Ittifoqi GSP+ qoidalarini o‘zgartirmoqda: O‘zbekiston imtiyozlarni saqlab qolish uchun nolegal migrantlarni qaytarishi kerak bo‘ladi

08.11.2026 | 16:003 daqiqa

O‘zbekiston bojxona imtiyozlarini saqlab qolish uchun yangidan ariza topshirishi, xalqaro konvensiyalar ijrosi bo‘yicha aniq reja taqdim etishi hamda Yevropada noqonuniy yurgan o‘z fuqarolarini (migrantlarni) vataniga qaytarish bo‘yicha qat’iy hamkorlik qilishi shart bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqi GSP+ qoidalarini o‘zgartirmoqda: O‘zbekiston imtiyozlarni saqlab qolish uchun nolegal migrantlarni qaytarishi kerak bo‘ladi © Sun'iy intelekt

2027 yildan boshlab Yevropa Ittifoqi GSP+ savdo preferensiyalari tizimining yangi qoidalarini qo‘llashni boshlaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston imtiyozlarni saqlab qolish uchun qayta ariza topshirishi, xalqaro kelishuvlarni bajarish rejasini taqdim etishi hamda nolegal migrantlarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha hamkorlik qilishi talab etiladi. Bu haqda Toshkentda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va Xalqaro savdo markazi (ITC) hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ma’lum qilindi.


Qayta ariza topshirish va migrantlar masalasi

Joriy GSP+ ishtirokchilari, jumladan O‘zbekiston uchun 2027–2028 yillarda o‘tish davri belgilangan. Imtiyozlardan 2029 yil 1-yanvardan keyin ham foydalanishni davom ettirish uchun mamlakat 2028 yilning 31-dekabridan kechiktirmay yangi ariza topshirishi lozim bo‘ladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, savdo imtiyozlari ilk bor Yevropa Ittifoqida noqonuniy yurgan fuqarolarni (migrantlarni) o‘z vataniga qaytarish majburiyati bilan o‘zaro bog‘lanmoqda. YI Kengashi xabariga ko‘ra, o‘z fuqarolarini qabul qilish bo‘yicha yetarlicha hamkorlik qilmagan davlatlarning barcha yoki ayrim tovarlari uchun preferensiyalar vaqtincha bekor qilinishi mumkin.

Xalqaro konvensiyalar va harakatlar rejasi

Yevropa Ittifoqi benefitsiar davlatlar amal qilishini talab etadigan majburiy xalqaro kelishuvlar ro‘yxatini kengaytirdi. Endi ularning soni 27 tadan 32 taga yetdi. Qo‘shimcha qilingan hujjatlar orasida nogironlar huquqlari, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirok etishiga oid protokol, mehnat inspeksiyasi va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi konvensiyalar bor (O‘zbekiston bu kelishuvlarning barchasiga avvalroq qo‘shilgan).

Endi yangi arizaga ushbu kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor choralar, aniq muddatlar va mas’ul organlar ko‘rsatilgan harakatlar rejasi ilova qilinishi shart. GSP+ maqomi berilganidan so‘ng, ushbu reja ochiq e’lon qilinishi kerak.

Eksport hajmi va qat’iy nazorat mexanizmlari

YI delegatsiyasining muvaqqat ishlari vakili Renata Vrubelning ta’kidlashicha, 2024 yilda O‘zbekistonning GSP+ doirasidagi eksporti hajmi 448 million yevroga yetgan. Delegatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonning imtiyozlardan foydalanish darajasi 90 foizni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, ushbu tizimdan foydalanuvchi boshqa davlatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 74 foizga teng.

Shunga qaramay, yangi reglament doirasida monitoring va nazorat sezilarli darajada kuchaytiriladi. Xususan:

— Monitoring uch yillik sikllarda olib boriladi va har bir siklda mamlakatga kamida bir marta tashrif buyuriladi.
— Atrof-muhit, iqlim yoki inson huquqlari bo‘yicha jiddiy va muntazam qoidabuzarliklar aniqlansa, imtiyozlar bekor qilinishi mumkin. O‘ta og‘ir qoidabuzarliklar uchun tezlashtirilgan tartib joriy etilib, qaror e’lon qilinganidan bir oy o‘tiboq kuchga kiradi.
— Nodavlat tashkilotlar, kasaba uyushmalari va biznes vakillaridan tushadigan shikoyatlar (Single Entry Point mexanizmi) asosida imtiyozlarni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.

Bundan tashqari, Yevropa ishlab chiqaruvchilarini importning keskin o‘sishidan himoya qilish choralari ham kengaytiriladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi ustidan kuzatuv natijalariga ko‘ra imtiyozlarni to‘xtatib turish imkoniyatlari osonlashtiriladi.

Shu bilan birga, preferensiyalar bilan qamrab olingan tovarlarning umumiy ro‘yxati o‘zgarishsiz qoladi.

Teglar

Mavzuga oid

Yevropa Ittifoqi GSP+ qoidalarini o‘zgartirmoqda: O‘zbekiston imtiyozlarni saqlab qolish uchun nolegal migrantlarni qaytarishi kerak bo‘ladi | Vaqt.uz