add

Zohran Mamdaniy Qur’onga qo‘l qo‘ygancha qasamyod qilib, mer lavozimga kirishdi

Kecha 22:552 daqiqa

2026 yilning ilk daqiqalarida Zohran Mamdaniy Qur’on ushlab qasamyod qilib, Nyu York tarixida ilk bor musulmon va demokratik sotsialist mer sifatida lavozimga kirishdi.

Zohran Mamdaniy Qur’onga qo‘l qo‘ygancha qasamyod qilib, mer lavozimga kirishdi

2026 yil 1-yanvar kuni Nyu York shahri yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘ydi. Shaharning yangi meri Zohran Mamdaniy Qur’on ustida qasamyod qilib, rasman lavozimiga kirishdi. Qasamyod marosimi 1904 yilda ochilgan va hozir foydalanishdan chiqarilgan City Hall metro bekatida o‘tkazildi, deb yozmoqda Bild.

Zohran Mamdaniy Nyu York tarixidagi birinchi musulmon mer, shuningdek o‘zini «demokratik sotsialist» deb atagan ilk shahar rahbari hisoblanadi. U saylovda kutilmagan g‘alabaga erishib, so‘l populistik dasturi orqali ayniqsa yosh saylovchilarni faol safarbar qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Mamdaniy o‘z chiqishida Nyu York aholisini «yangi imkoniyatlar davri»ga olib kirishini va’da qildi. U bepul bolalar bog‘chalari, jamoat transportlarining ayrim turlarini tekin qilish, arzon ijtimoiy supermarketlar va ijara narxlariga chek qo‘yish kabi tashabbuslarni ilgari surgan. Bu rejalarni moliyalashtirish uchun u biznes va boy qatlam uchun soliqlarni oshirishni taklif qilmoqda.

Biroq ushbu g‘oyalar shahar ichida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim tahlilchilar yuqori soliq yuki biznes va sarmoyadorlarning shaharni tark etishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Bu esa shahar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, politsiya funksiyalarini qisman jamoat nazoratchilariga o‘tkazish kabi g‘oyalar xavfsizlik masalasida aholi orasida tashvish uyg‘otmoqda. Nyu Yorkda Isroildan tashqari dunyodagi eng yirik yahudiy jamoasi mavjud bo‘lib, ular Mamdaniyning G‘azodagi urushga munosabati va ayrim radikal shiorlardan ochiqcha voz kechmasligidan xavotirda.

Demokratlar partiyasi strategiyachilari esa Mamdaniyni Donald Trampga qarshi muxolifat uchun yangi siyosiy model sifatida ko‘rmoqda. Ularning fikricha, uning g‘alabasi yosh saylovchilarni jalb qilishda samarali usul bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid