add

«Yo‘l harakati boshqaruvi markazini tashkil etish tirbandlikni 30-40 foizgacha kamaytiradi» — Toshkent shahar hokimi

Kecha 15:451602 daqiqa

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning fikriga ko‘ra, yagona yo‘l harakati boshqaruvi markazining tashkil etilishi yo‘llardagi tirbandlikni sezilarli qisqartiradi va ekologik yukni kamaytirishi mumkin.

«Yo‘l harakati boshqaruvi markazini tashkil etish tirbandlikni 30-40 foizgacha kamaytiradi» — Toshkent shahar hokimi

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida poytaxtdagi yo‘l tirbandliklari va ularning atrof-muhitga ta’siri haqida gapirib, muammoni hal etishning asosiy yo‘li markazlashgan boshqaruv ekanini ta’kidladi.

«Bizning (poytaxtdagi) avtomobil yo‘llarimiz 400 ming mashina uchun mo‘ljallangan, ammo bugun ko‘chalarda 1 milliondan ortiq avtomobil harakatlanmoqda», — dedi hokim.

Hokimlik tomonidan xalqaro megapolislar — Seul, Singapur, Shenjen, Dubay va Moskva tajribalari o‘rganilganilib, bu borada kompleks yondashuv zarur degan xulosaga kelingan.

«Bugun yo‘llarni boshqarish bizda olti xil sohadan kelgan vakillar tomonidan amalga oshiriladi, yana olti tashkilot bu jarayonda ishtirok etadi… Boshqaruv bir markazga jamlanmagani uchun yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha aniq strategiya mavjud emas edi», — dedi Shavkat Umurzoqov.

Shaharda tashkil etilishi rejalashtirilgan Yagona yo‘l harakati boshqaruvi markazi tashkil etish barcha funksiyalarni bir qo‘lda jamlab, avvalambor Toshkent transport tizimining bosh rejasini ishlab chiqadi. Mazkur hujjat yo‘lovchilar, velosiped va elektrosamokat foydalanuvchilari, yuk va yengil avtomobil haydovchilari ehtiyojlarini qamrab oladi.

«Qaysi ko‘chalardan va qaysi vaqtlarda yuk mashinalari harakatlanishi mumkinligini belgilash, mikromobillik uchun shart-sharoit yaratish zarur… Bugun odamlar elektrosamokat yoki velosipedda 5 kilometr yurib, kerakli manzilga to‘siqsiz yeta olmaydi. Bu esa aniq hisob-kitoblarni talab qiladi», — dedi Shavkat Umurzoqov.

Hokim ta’kidlaganidek, bosh reja qabul qilingach, barcha yo‘l ta’miri va rivojlantirish ishlari yagona dastur asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar va sayyohlar maxsus ilova orqali harakatning eng tezkor yo‘nalishini bilishi, rejalashtirilgan ta’mir tufayli oldindan ogohlanishi mumkin bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yechimlarning barchasini raqamlashtirishsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. «Bosh reja doirasidagi muammolar aniqlangandan so‘ng, raqamlashtirish yechimlar va nazorat mexanizmlarini taqdim etadi. Bu shaffoflik va tezkorlikni ta’minlaydi».

Shavkat Umurzoqov, shuningdek, yagona markazning tashkil etilishi yo‘llardagi tirbandlikni sezilarli darajada kamaytirishini ta’kidladi: — «Agar ushbu markaz tashkil etilsa va o‘z vazifalarini bajara boshlasa, transport tirbandligi kamida 30-40 foizga kamayadi».

Eslatib o‘tamiz, Prezident huzuridagi taqdimotda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini boshqarish markazini yaratish taklif qilingan.

Teglar

Mavzuga oid