Erondagi vaziyat sabab oltin narxi oshmoqda

02.03.2026 | 13:552 daqiqa

Geosiyosiy keskinlik kuchayishi investorlarni xavfsiz aktivlarga yo‘naltirib, jahon bozorida oltin kotirovkalarini keskin oshirdi.

Erondagi vaziyat sabab oltin narxi oshmoqda

AQSH va Isroilning Eronga qarshi yirik zarbalari ortidan jahon bozorida oltin narxi keskin ko‘tarildi. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, dushanba kungi savdolarda qimmatbaho metall kotirovkalari 2,5 foizdan ziyod o‘sib, bir troy unsiyasi qariyb 5400 dollarga yetdi.

Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, spot bozorida oltin narxi 5385,70 dollarni tashkil etgan. Bu so‘nggi to‘rt haftadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Savdo sessiyasi boshida o‘sish 2 foiz atrofida qayd etilgan bo‘lsa, kun davomida dinamika yanada tezlashgan.

Oltin noaniqlikning eng asosiy barometriga aylangan

Hozirgi paytda qimmatbaho metallning savdo narxi 5400 dollar atrofida shakllanmoqda. Bozor ishtirokchilari geosiyosiy xavf-xatarlar va global iqtisodiy noaniqlikning ortishi tufayli himoya aktivlariga talab kuchayganini ta’kidlamoqda.

«Ehtimol, oltin global noaniqlikni aks ettiruvchi eng yaxshi barometrdir va, majoziy ma’noda aytganda, harorat ko‘tarilmoqda. Biz butunlay yangi geopolitik noaniqlik davriga kirar ekanmiz, oltin narxi qayta baholanib, yangi rekord darajalarga yetishini kutish kerak», — dedi mustaqil tahlilchi Ross Norman.

Avvalroq kriptoplatformalardagi kotirovkalar harakati 2-mart kuni jahon bozorlari qanday ochilishi mumkinligi haqida prognoz e’lon qilgan edi:

Neft narxi

Neft bo‘yicha muddatsiz kontraktlar 5 foizga oshib, barreli 70,6 dollarga yetadi.

Oltin va kumush: oltin 1,3 foizga ko‘tarilib, bir troy unsiyasi 5323 dollarga yetadi, kumush esa 2 foizga o‘sib, 94,9 dollarni tashkil etadi. Savdo faolligi bo‘yicha kumush yetakchi bo‘lib – bir sutkadagi hajm 227 mln dollardan oshadi.

Fond indekslari: AQSH aksiyalariga bog‘langan indekslar, aksincha, 0,4–0,75 foizga pasayadi.

Eslatib o‘tamiz, 29-yanvar kuni jahon bozorida oltin narxi 5559 dollargacha ko‘tarilib, tarixiy rekordni yangilagan edi. Shu kuni bir gramm metall qiymati 178,73 dollarni tashkil qilgan. Bir kunlik o‘sish 9,3 foizga, yillik hisobda esa 80 foizdan ortiqni tashkil etgan. Kumush ham sezilarli qimmatlashib, uning troy unsiyasi 118,3 dollarga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid